Logo

Orolbo‘yi hududida Misr tajribasi joriy etiladi

Fevral 23, 2026. 16:17 • 2 daq

8
Orolbo‘yi hududida Misr tajribasi joriy etiladi

QOHIRA, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Misrning “Shurba” kompaniyasi vakillari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va taʼlim sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida tomonlar Misrning ilg‘or tajribasi asosida Orolbo‘yi hududida zamonaviy agrotexnologik loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Ayniqsa, innovatsion sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish va cho‘l yerlarini o‘zlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Misr tomoni o‘zining qurg‘oqchil iqlim sharoitida dehqonchilik qilish borasidagi boy tajribasini Qoraqalpog‘istonda qo‘llashga qiziqish bildirdi.

Qoraqalpog‘iston vakillari hududdagi qulay investitsiya muhiti va xorijiy hamkorlar uchun berilayotgan imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Muzokaralar natijasida aniq loyihalarni ishlab chiqish uchun pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yish va ekspertlar darajasida doimiy maslahatlashuvlarni tashkil etishga kelishib olindi.

Iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda, taʼlim sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Qoraqalpog‘iston tomoni misrlik talabalarni mahalliy oliy taʼlim muassasalarida qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va muhandislik yo‘nalishlarida tahsil olishga jalb etish taklifini ilgari surdi. Bunda akademik almashinuv dasturlari va institutsional sheriklik muhim vosita bo‘lishi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida muloqotni tizimli davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Bu kabi tashabbuslar O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish