Budapeshtda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanadi
Fevral 23, 2026. 16:10 • 53 soniya
• 16
BUDAPESHT, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Vengriya Fanlar akademiyasi Etnologiya instituti katta ilmiy xodimi David Shomfay Kara bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida Buyuk davlat arbobi, sarkarda va ilm-fan homiysi Amir Temur tavalludining 690 yilligini nishonlash doirasida 2026-yil davomida Budapesht shahrida vengriyalik olimlar, tadqiqotchilar, tilshunos va tarjimonlar ishtirokida turkum tadbirlar o‘tkazilishi masalalari muhokama qilindi.
Vengriyalik olim “Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan rivoji” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuvda mashhur venger sharqshunosi Arminiy Vamberi va uning o‘zbekistonlik zamondoshi Mulla Sodiq haqida hujjatli film suratga olinayotgani maʼlum qilindi. Ijodiy guruh Buxoro, Xiva va Qo‘ng‘irot shaharlarida ekspeditsiya o‘tkazishni rejalashtirgan.
Uchrashuvda David Shomfay Karaning o‘zbek xalq baxshichilik sanʼati va dostonlari bo‘yicha olib borgan ilmiy izlanishlariga alohida eʼtibor qaratildi. Olim tomonidan yozib olingan nodir audiomateriallarni 2026 yilda TURKSOY xalqaro tashkiloti ko‘magida nashr etish ko‘zda tutilmoqda.
Muloqot yakunida tomonlar o‘zbek-venger ilmiy va madaniy hamkorligi, jumladan, qo‘shma nashriyot, tadqiqot va taʼlim loyihalarini yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
