O‘zbekiston Prezidenti Termiz tumanida joylashgan bazalt mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi
Fevral 27, 2026. 17:26 • 2 daq
• 87
TOSHKENT, 27-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Termiz tumanida joylashgan “Surkhon Sandwich” korxonasining bazalt mahsulotlari ishlab chiqarish liniyasi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda har bir yirik loyiha va infratuzilma obyektlarida energiya tejamkorligiga ustuvor eʼtibor qaratilmoqda. Shu bois, bazalt xomashyosi va undan tayyorlanadigan energiya samarador plita hamda qurilish materiallariga talab ortib bormoqda.
Shu ehtiyojdan kelib chiqib tashkil etilgan korxona qiymati 26 million dollarga teng. Loyiha doirasida yiliga 30 ming tonna bazalt xomashyosini qayta ishlash quvvati yaratilgan. Bu 345 milliard so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.
Mahsulotlar ichki bozor bilan birga Tojikiston va Afg‘onistonga ham eksport qilinmoqda.
Ishlab chiqarish jarayoni uchun talab etiladigan xomashyoning 95 foizi viloyatning Oltinsoy tumanidagi konlardan taʼminlanadi. Korxonaga Xitoyning zamonaviy texnologik uskunalari o‘rnatilgan. Bu yerda 200 kishining doimiy bandliga taʼminlandi.
Prezident ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishar ekan, mahsulotlar sifatini yana-da oshirish, mahalliylashtirish darajasini kengaytirish va eksportbop yo‘nalishlarni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.
Umuman, yurtimizda qurilish sohasining ilmiy asoslarini mustahkamlash, buning uchun qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning qurilish materiallari sanoati mahsulotlari taqdimoti bilan tanishdi.
Shu bilan Surxondaryo viloyatiga tashrif yakunlandi, Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
