O‘zbekiston Prezidenti Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
Fevral 27, 2026. 15:19 • 5 daq
• 12
TOSHKENT, 27-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
– Surxondaryo nafaqat tabiati go‘zal zamin, balki ruhi baquvvat, g‘ayrati baland, oriyati mustahkam insonlar yurtidir. Surxonni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonning janubiy tayanch ustunini mustahkamlash demakdir, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, o‘tgan davrda hududda 5 milliard dollarlik 8 mingdan ortiq loyiha ishga tushdi. Xitoy, AQSH, Rossiya, Hindiston, Avstriya, Vengriya kabi davlatlar bilan investitsiya va savdo bo‘yicha yana 10 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi.
So‘nggi to‘qqiz yilda bog‘cha qamrovi 28 foizdan 68 foizga oshdi, 23 ta yangi maktab qurildi, yana 448 tasi taʼmirlandi. Qo‘shimcha 102 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Bu davrda qurilgan 688 ta ko‘p qavatli uyga 32 ming oila ko‘chib o‘tdi. Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari tashkil qilindi.
“To‘palang ombori suvidan foydalanish” loyihasi hisobidan Termiz shahri va 10 ta tumandagi 563 ming aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi hamda tuman hokimlari oldida joriy yil investitsiyalarni 3 milliard dollarga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi. Hududda kambag‘allikni 2,8 foizgacha, ishsizlikni 4,5 foizgacha tushirish, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabotni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish muhim ekani taʼkidlandi.
Surxondaryo iqtisodiyotida sanoatning ulushi so‘nggi 9 yilda 5 karra o‘sib, 10 foizga yetdi. Lekin bu hali ham kamligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sanoat hajmini oshirishda viloyatdagi konlarni o‘zlashtirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Joriy yilda Boysundagi “Sanjar”, Oltinsoydagi “Oqsuv”, kelasi yil “Fangart” konlarida ko‘mir qazib olishni boshlash topshirildi. Janubiy Afrikaning “Sosol” kompaniyasi ko‘mirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Sariosiyodagi “Qorakon”, “Jemsonit”, “Chuqur”, “Bayram-1” konlariga ham xitoylik investorlar 1 milliard dollar kiritishga tayyor. Boysundagi “Bezaktop” konida tabiiy tosh zaxiralari o‘rganilmay turibdi. Ushbu konlarda zarur ishlarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda Termiz xalqaro savdo markazi natijalari alohida qayd etildi. O‘tgan yili markazga 800 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarolari tashrif buyurib, eksport 320 million dollar bo‘lgan.
Markaz hududini 1 ming gektarga yetkazish belgilandi. Yangi loyihalar natijasida tadbirkorlar va xaridorlar karrasiga oshishi taʼkidlanib, qonun ustuvorligini taʼminlash maqsadida markazda maxsus prokuratura va ichki ishlar bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, endi markaz hududidagi tovar savdosi va xizmatlar eksport sifatida baholanishi, ularga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i “nol” stavkada qo‘llanishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi imkoniyatlariga to‘xtalar ekan, viloyatdagi 35 ming gektar tomorqada 3-4 marta hosil olinayotgani, bunday ko‘rsatkich boshqa birorta viloyatda yo‘qligini taʼkidladi.
Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi”ning ijobiy tajribasini butun Surxondaryoda yo‘lga qo‘yish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan Angor, Uzun, Denovda ham “Tomorqa maktablari”ni tashkil etish, har bir viloyatda 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari”ni ishga tushirish topshirildi.
Surxondaryo sharoitida issiqxonadan mahsulot olish boshqa joylarga nisbatan 2-3 barobar arzon tushishi taʼkidlandi. Bu yil Ispaniyaning Almeriya hududi tajribasi asosida 1 ming gektarda quyoshda isitiladigan issiqxonalar tashkil etilishi, bunday issiqxona quradigan tadbirkorlarga yer 5 yilga bepul ijaraga berilishi, yer osti suvi uchun to‘lovdan 3 yilga ozod qilinishi qayd etildi.
Viloyatda foydalanilmay turgan yana bir katta imkoniyat yaylovlar ekani taʼkidlandi. Jumladan, Boysunda 197 ming gektar yaylov borligi, agar Darband daryosidagi nasoslar tiklanib, suv chiqarilsa, 10 ming gektar yaylovni foydalanishga kiritish imkoni mavjudligi aytildi.
Zaxiradagi yaylov yerlarini o‘zlashtirish uchun boshlang‘ich narx normativ qiymatning 1 foizi miqdorida belgilanib, auksionga chiqarilishi taʼkidlandi. Auksiondan yer olgan tadbirkorlarga 10 yilga, 4 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit ajratilishi, har o‘n gektarga suv olib kelish uchun 120 million so‘mgacha subsidiya beriladi.
Viloyatda parrandachilik, chorvachilik, asalarichilik loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari ham belgilab olindi.
Yo‘l va transport infratuzilmasi viloyatdagi eng og‘riqli masalalardan biri ekani qayd etildi. Hozirda Boysun va Denovni bog‘lovchi yo‘lning 111 kilometri sement-beton qoplamaga o‘tkazish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu yo‘l ishga tushsa, yuk hajmi 2 karra oshishi, tashish vaqti 3 soatdan 1,5 soatga qisqarishi aytildi.
Joriy yilda yurtimizni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 kilometrlik magistralni kapital taʼmirlash, “Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on” uchastkasini tezyurar poyezdga moslash, “Qumqo‘rg‘on – Quduqli” temir yo‘lining elektrlashtirish ishlari boshlanadi. Termiz – Istanbul, Termiz – Dubay yo‘nalishlarida yangi reyslar tashkil etiladi.
Yangi avtobuslar olib kelinib, Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Sherobod va Boysundan Termizga olib boruvchi yo‘llarda qatnovga qo‘yiladi.
Yil oxirigacha Muzrabotdagi 56 ming aholiga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berish loyihasi yakuniga yetkazilishi, Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlariga kanalizatsiya olib borish loyihalari boshlanishi maʼlum qilindi.
“Mustaqillikning 25 yilligi” yirik gazni qayta ishlash majmuasidagi texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani qayd etildi.
– Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari turizm salohiyatiga to‘xtalib, viloyatda Al-Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Kokildor ota, Qirq qiz kabi 150 dan ziyod madaniy meros obyektlari borligi, Hisor, Boysuntog‘, Ko‘hitang, Bobotog‘da alpinizm, trekking, ekoturizm uchun katta imkoniyatlar mavjudligini aytdi. Buni to‘liq ishga solib, yiliga 1 milliard dollarlik tushum qilish mumkinligi taʼkidlandi.
Eski Termiz yodgorligi to‘liq o‘rganilmagani qayd etildi. Buddizm madaniyatiga oid Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzin, Zurmala kabi yodgorliklarning turizm salohiyatidan foydalanib, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Tailanddan yiliga 500 ming sayyohni jalb qilish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Surxondaryoda 8 mingdan ortiq yoshlar kurash bilan doimiy shug‘ullanmoqda. Joriy yilda Denovdagi “Zamondosh” oromgohi negizida kurashchilar uchun zamonaviy o‘quv-mashg‘ulot bazasini qurib berish topshirildi. Boysundagi maktab-internatda yangi o‘quv yilidan sport bilan birga maktab darslarini ham yo‘lga qo‘yish kerakligi qayd etildi.
Yig‘ilishda viloyat faollari, yoshlar va nuroniylar bilan muloqot qilindi, hokimlar va mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, har bir yo‘nalishda aniq natijaga erishish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
