Pokiston OAV: O‘zbekiston o‘z iqtisodiy taraqqiyotining muhim va yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda
Oktabr 04, 2026. 12:00 • 3 daq
• 67
ISLOMOBOD, 4-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Pokistonning nufuzli «Daily Ittehad» gazetasi, shuningdek, «TNS.World» hamda «Daily Big Digit» nashrlarida «Umumiy kelajak jamiyati» tadqiqot markazi ijrochi direktori, «Oltin qalam» milliy mukofoti sohibi Xolid Taymur Akramning «O‘zbekistonning yangi infratuzilma taraqqiyoti: mintaqaviy iqtisodiy qudrat poydevorini barpo etish» sarlavhali tahliliy maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Maqola muqaddimasida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston o‘z iqtisodiy taraqqiyotining muhim va yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Mamlakat yo‘llar, elektr tarmoqlari, temir yo‘llar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, suv ta’minoti tizimlari va shahar infratuzilmasiga salmoqli investitsiyalar kiritmoqda. Ushbu loyihalarning ahamiyati jismoniy infratuzilmani barpo etish bilan cheklanib qolmay, savdo, investitsiyalar, sanoat va mintaqaviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlash uchun zarur poydevor yaratayotgani qayd etilgan.
Pokistonlik ekspertning fikricha, bu sa’y-harakatlar ko‘lami mamlakat investitsiya ko‘rsatkichlarida ham o‘z aksini topmoqda. Jumladan, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra,2025-yilda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 591,1 trillion so‘mni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 10,5 foizga oshgan. Mazkur mablag‘ning 33,5 milliard dollari xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga to‘g‘ri kelgan.
«Mazkur investitsiyalar yuqori iqtisodiy o‘sish sharoitida amalga oshirilmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning real yalpi ichki mahsuloti 2025-yilda 7,7 foizga o‘sgan, 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 6,7 foizni tashkil etgan. Iqtisodiy o‘sish va infratuzilmaga investitsiyalarning bunday uyg‘unligi muhim ahamiyatga ega, chunki zamonaviy infratuzilma korxonalarga tovarlarni tashish, ishonchli energiyadan foydalanish hamda ichki va xalqaro bozorlarga samarali chiqish imkonini beradi», – deb yozadi Taymur Akram.
Maqolada transport infratuzilmasi taraqqiyot jarayonining eng asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Hukumat ichki temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dasturni e’lon qilgani, unga ko‘ra 2026-yildan boshlab qo‘shimcha 500 kilometr temir yo‘l qurilishi, shuningdek, yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yish va yirik vokzallarni modernizatsiya qilish rejalashtirilgani urg‘ulangan.
Xalqaro hamkorlar ham ushbu transformatsiyani faol qo‘llab-quvvatlayotgani qayd etilgan. Xususan, 2026-yil mart oyida Jahon banki Surxondaryo viloyatida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun 200 million dollarlik loyihani ma’qullagani, u M41 mintaqaviy avtomobil yo‘lagidagi 91 kilometrlik qismni rekonstruksiya qilish va uni to‘rt qatorli yo‘lga kengaytirishni o‘z ichiga olishi aytib o‘tilgan.
Maqola xulosasida O‘zbekistonning geografik joylashuvi unga Markaziy Osiyoni xalqaro bozorlar bilan bog‘lashda tabiiy rol berishi ta’kidlangan. Infratuzilmani takomillashtirish orqali mamlakat savdo, investitsiyalar va sanoat taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Natijada O‘zbekiston nafaqat ichki hududlari o‘rtasida yaxshi bog‘langan, balki keng mintaqaviy va global iqtisodiyot bilan ham tobora yaqinroq integratsiyalashuvchi davlatga aylanib borayotgani e’tirof etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi