Logo

Malayziyada O‘zbekistonning yangi turizm yo‘nalishlari namoyish qilindi

Aprel 11, 2026. 11:30 • 2 daq

79
Malayziyada O‘zbekistonning yangi turizm yo‘nalishlari namoyish qilindi

KUALA-LUMPUR, 11-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan Melakka shtatida biznes-forum o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbirda Melakka shtati maʼmuriyati rahbariyati, ishbilarmon doiralar vakillari, turizm industriyasi ekspertlari va yetakchi kompaniyalar rahbarlari qatnashdi.

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev so‘nggi yillarda respublikada amalga oshirilgan keng ko‘lamli tizimli islohotlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Tadbir davomida yangi turizm yo‘nalishlari, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirish imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Diplomatik missiya rahbari Melakka tadbirkorlarini yurtimizda yaratilgan qulay biznes muhiti bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga chaqirdi.

Forum doirasida O‘zbekistonning investitsiyaviy va turistik salohiyatiga bag‘ishlangan batafsil taqdimotlar o‘tkazildi. Xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Malayziyadagi vakili sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi. Xususan, Kuala-Lumpur­–Toshkent–Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha joriy etilgan aviaparvozlar aksiyasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir yakunida Malayziya Franchayzing uyushmasi, “Julie‘s Manufacturing Sdn. Bhd.”, “Sage Promaster Sdn. Bhd.” kabi kompaniyalar rahbariyati hamda “Zaharah Travel & Tours” va “RSA Travel & Tours” sayyohlik agentliklari vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish