Logo

O‘zbekiston va Hindiston sanoat kooperatsiyasining yangi yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda

Fevral 09, 2026. 10:25 • 2 daq

41
O‘zbekiston va Hindiston sanoat kooperatsiyasining yangi yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda

MUMBAY, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi Qoraqalpog‘istonda «Kungrad Salt Free Zone» sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori ijrosini izchil taʼminlash doirasida mamlakatimiz elchisi Sardor Rustamboyev «Tata Chemicals Limited» kompaniyasining strategiya va loyihalar bo‘yicha direktori Rajesh Kamat bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2025-yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 37 foizga o‘sib, 1,3 milliard dollardan oshgani va ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanayotgani sharoitida tomonlar kimyo sanoatida yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qadamlarni muhokama qildi.

Muzokaralar davomida «Kungrad Salt Free Zone» sanoat zonasini barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Asosiy eʼtibor O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozli shart-sharoitlar va preferensiyalarga, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar natijalariga qaratildi.

Rajesh Kamat yangi loyihaga katta qiziqish bildirib, ishlab chiqarishni tashkil etishning muhim jihatlarini, jumladan, sanoat zonasining tabiiy gaz, toza suv, elektr energiyasi va temir yo‘l infratuzilmasi bilan taʼminlanganlik darajasini atroflicha muhokama qildi. «Tata Chemicals» vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar berildi.

Uchrashuvda logistika va mahsulot sotish bozorlari masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. O‘zbekiston vakillari mahsulotlarni nafaqat ichki bozorga, balki Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa mamlakatlari va boshqa mintaqalarga eksport qilishning keng imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi. Qator davlatlar bilan maxsus savdo rejimlari mavjudligi hamda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqining GSP+ benefitsiari maqomiga egaligi qo‘shimcha ustuvorliklar taqdim etishi taʼkidlandi.

«Tata Chemicals Limited» kompaniyasining strategiya va loyihalar bo‘yicha direktori «Kungrad Salt Free Zone» salohiyati bilan bevosita tanishish va zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish imkoniyatlarini batafsil o‘rganish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyorligini bildirdi.

Ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi amaliy qadam bo‘lib, yirik sanoat loyihalarini amalga oshirishda o‘zaro manfaatdorlikni namoyish etdi.

«Tata Chemicals Limited» mashhur «Tata Group» global konglomeratining tarkibiy qismi bo‘lib, kalsiylangan soda va osh tuzi ishlab chiqarish hamda eksport qilish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya barqaror rivojlanish va yuqori texnologiyalar sohasida tan olingan xalqaro ekspertdir.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish