O‘zbekiston va Iroq o‘rtasidagi bojxona tariflari muhokama qilindi
Dekabr 27, 2025. 09:15 • 2 daq
• 955
BOG‘DOD, 5-yanvar. / “Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi diplomatlaridan iborat delegatsiyaning Bag‘dodga tashrifi davomida Iroq Bojxona qo‘mitasi rahbari Samir Qasim Davud hamda Anbar provinsiyasi Savdo palatasi raisi Omir Alaviy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Iroq Bojxona qo‘mitasi rahbari bilan suhbatda O‘zbekistondan eksport yuklari Iroqqa kelganda amalga oshiriladigan tartiblar, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va bojxona to‘lovidan tashqari mavjud to‘lovlar muhokama qilindi.
Tomonlar Iroqqa mahsulotlar eksport qilinishida davlatlar uchun alohida bojxona tariflari mavjudligi, ikki davlat bojxona qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda bu borada tegishli bitimni ishlab chiqish masalasida fikr almashdi.
O‘zbekistondan Iroqqa oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini, Iroqdan O‘zbekistonga xurmo va boshqa turdagi mahsulotlarni eksport qilishda “yashil koridor” tizimini yo‘lga qo‘yish, “Baghdad International Fair” xalqaro ko‘rgazmasining O‘zbekiston pavilyonida namoyish etish uchun olib kelinadigan mahsulotlarni Bag‘dodga kirishida bojxona tekshiruvlarini yengillashtirish borasida ham fikr-mulohaza almashildi.
O‘z navbatida, suhbatdosh Iroqda faqatgina bojxona va QQS to‘lovlari mavjud ekani hamda u ham Iroq Bojxona qo‘mitasi tomonidan nazorat qilinishini maʼlum qildi. Iroqda bojxona tariflari hamma davlat uchun bir xil qilib belgilangan. Faqatgina Iordaniya bilan o‘ziga xos tariflar mavjud.
Suhbatdosh dastlab O‘zbekiston va Iroq bojxona qo‘mitalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash maʼqulligini taʼkidladi. O‘zbekiston tovarlari uchun “yashil koridor” masalasi Iroq Savdo vazirligi masʼul ekani qayd etildi.
Anbar provinsiyasi Savdo palatasi raisi bilan uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Muzokaralarda 3 ta asosiy yo‘nalish: Iroqda O‘zbekiston korxonalarining filiallarini ochish, Iroqda o‘zbek eksportyor kompaniyalarining savdo uylarini tashkil etish, o‘zbek mahsulotlari uchun Bag‘dodda omborxonalarini ijaraga olish tartiblari yuzasidan fikrlar almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi