O‘zbekiston va Serbiya sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Yanvar 31, 2026. 15:00 • 2 daq
• 14
BELGRAD, 31-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirliklari rahbariyati o‘rtasida onlayn-muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova va Serbiya sog‘liqni saqlash vazirligi davlat kotibi Ivana Stashevich-Karlichich ishtirok etdi. Ushbu uchrashuv Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning 2025-yil oktyabr oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning amaliy ijrosi doirasida tashkil etildi.
Muzokaralar davomida tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish va sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Serbiya tomoni tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida imzolangan hukumatlararo bitimni amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi. Mazkur hujjatga asosan, 2026-yil davomida 12 nafar O‘zbekiston fuqarosi Serbiyaning yetakchi tibbiyot markazlarida bepul asosda davolanishi ko‘zda tutilgan. Bu qadam ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy va gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tibbiyot sohasida tajriba almashish, malakali mutaxassislar tayyorlash va professional aloqalarni mustahkamlashdan birdek manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Kelishilgan yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam muloqotni davom ettirish va qo‘shma loyihalarni faol qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qatʼiy kelishuvga erishildi. Bu kabi loyihalar mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar asosida oshirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
