“Global Korea Post”: Toshkent ilk bor jahonning eng kuchli 100 ta startap ekotizimi qatoriga kirdi
May 23, 2026. 14:00 • 2 daq
• 18
SEUL, 23-may. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning ommabop “Global Korea Post” gazetasida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasining innovatsion ekotizimlarini birlashtiruvchi “INMerge Innovation Summit” xalqaro sammiti yakunlariga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, ushbu nufuzli forum so‘nggi yillarda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiyaning startaplari, investorlari, yirik korporatsiyalari hamda davlat tuzilmalari vakillarini birlashtirgan Markaziy Yevroosiyoning yetakchi texnologik platformalaridan biriga aylandi.
2026-yilda “INMerge” sammiti birinchi marta bir shahar doirasidan chiqib, keng qamrovli mintaqaviy “Roadshow” loyihasini ishga tushirdi. Mazkur loyihaning asosiy maydonlaridan biri sifatida Toshkent shahri tanlandi. Poytaxtimizda o‘tkazilgan tadbirlarda startaplarni qo‘llab-quvvatlagan holda sun’iy intellekt, venchur investitsiyalar va raqamli infratuzilmani jadal rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Gazetada yozilishicha, O‘zbekiston bugungi kunda mintaqaning eng tez rivojlanayotgan texnologik bozorlari qatoridan mustahkam joy oldi. Mamlakatda so‘nggi bir yil ichida venchur investitsiyalar hajmi besh baravardan ziyod o‘sdi, startap loyihalar soni esa 950 dan oshdi. Olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida Toshkent shahri ilk bor jahonning eng kuchli 100 ta startap ekotizimi (“Top-100 Startup Ecosystems”) qatoriga kirdi.
Maqolada mintaqaning boshqa davlatlarida ham innovatsiyalar infratuzilmasini rivojlantirish borasida katta qadamlar tashlanayotgani qayd etilgan. Xususan, Qozog‘iston startaplarni xalqaro miqyosda kengaytirish uchun 1 milliard dollarlik jamg‘armalar fondini shakllantirmoqda. O‘z navbatida, Ozarbayjon texnologik jamoalar o‘rtasidagi mintaqaviy markaz rolini kuchaytirib, Boku shahri “Yilning startap shahri” deb topildi.
Janubiy Koreya nashri raqamli hamkorlik istiqbollarini tahlil qilar ekan, 2024-yilda “IT Park Uzbekistan” va “Astana Hub” tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Central Asian Innovation Hubs” tashabbusi Markaziy Osiyo startaplariga qo‘shma dasturlar va xalqaro akseleratorlardan samarali foydalanish imkonini berganini alohida e’tirof etadi.
“INMerge” xalqaro sammitining yakuniy bosh bosqichi joriy yilning 8-9-oktyabr kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tadi va u butun mintaqadan yuzlab startap asoschilari, yirik investorlar hamda texnologik biznes vakillarini bir maydonga jamlaydi”-, deya xulosa qilinadi nashrda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




