Tel-Avivda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari namoyish etildi
Fevral 08, 2026. 14:40 • 2 daq
• 99TEL-AVIV, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. Tel-Aviv shahrida Isroil hamda Sharqiy O‘rta Yer dengizi mintaqasidagi eng yirik turistik tadbirlardan biri — “IMTM-2026” (International Mediterranean Tourism Market) xalqaro turistik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O‘zbekiston elchixonasi vakillari, “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi, Isroilning “Asia Travel” sayyohlik kompaniyasi hamda O‘zbekistonning Isroildagi sayyohlik brendi elchisi Nissan Mushayev ishtirok etib, yig‘ilganlarga mamlakatimizning boy sayyohlik imkoniyatlari, mashhur yo‘nalishlari va ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Tadbir doirasida “Sharq yulduzi” o‘zbek musiqiy ansambli raqqosalari ishtirokida milliy raqs va qo‘shiqlar namoyish etildi. Bu chiqishlar ko‘rgazma ishtirokchilari orasida katta qiziqish uyg‘otib, O‘zbekiston madaniyatiga bo‘lgan eʼtiborni yana-da oshirdi.
Ko‘rgazma davomida O‘zbekiston yo‘nalishi Isroil turistik bozori vakillari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Jumladan, “Kishrey Tarbut” turistik kompaniyasi rahbari Omer Ben-Zeyev O‘zbekiston turizmining istiqbollarini yuqori baholab, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar Isroil sayyohlari uchun jozibador yo‘nalish ekanini taʼkidladi.
“Mamlakatingiz boy tarixiy meros, noyob madaniy anʼanalar va sayyohlar uchun juda qulay muhitga ega. Biz O‘zbekiston yo‘nalishida faol ishlash va yangi turistik mahsulotlar ishlab chiqishdan manfaatdormiz”, — dedi u.
Shuningdek, isroillik jurnalist va bloger Gili Mazza O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga yuqori baho berib, mamlakatga bo‘lgan qiziqish Isroil auditoriyasi orasida yil sayin ortib borayotganini qayd etdi.
Ishtirokchilar fikriga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning mavjudligi hamda turistik mahsulotlarning xilma-xilligi O‘zbekiston va Isroil o‘rtasida sayyohlik aloqalarini yana-da rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ko‘rgazma davomida O‘zbekiston milliy stendiga 3 mingdan ortiq tashrif buyurdi. O‘zbekistonning “IMTM 2026” ko‘rgazmasidagi ishtiroki mamlakatning xalqaro turistik imijini mustahkamlashga hamda Isroil va boshqa davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



