O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi
Avgust 06, 2026. 09:30 • 3 daq
• 16
TOSHKENT, 6-avgust./“Dunyo” AA/. Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy taʼsirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi.
Hisobotga ko‘ra, 2025-yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.
Ushbu ko‘rsatkichning o‘sish surʼati bo‘yicha ham Markaziy Osiyo dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi – mamlakat 2025-yilda 4,8 milliard AQSh dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan.
WTTC maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.
Hisobotda O‘zbekistonning yetakchiligi uning boy tarixiy-madaniy merosi va mintaqa mamlakatlari sayyohlari uchun jozibadorligi yuqoriligi bilan izohlangan.
“Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi hisobotda.
Bundan tashqari, WTTC Markaziy Osiyoda yagona turizm makonini yaratish uchun salohiyat katta ekanini qayd etadi. Tashkilot ekspertlarining fikricha, chegara tartib-taomillarini soddalashtirish, aviaqatnovlar va transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish hamda Markaziy Osiyoni yagona turizm yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish dunyoning boshqa mintaqalaridan xalqaro sayyohlar oqimini oshirishga yordam beradi.
Hisobotga ko‘ra, 2025-yilda turizm sohasidagi jami xarajatlarning 64,3 foizi xorijiy sayyohlar, 35,7 foizi esa mintaqa mamlakatlaridagi ichki turizm hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, xorijiy sayyohlar xarajatlarining 84,5 foizi dam olish maqsadidagi sayohatlar, 15,5 foizi esa ish yuzasidan qilingan safarlar bilan bog‘liq bo‘lgan.
WTTC prognoziga ko‘ra, 2036-yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSh dollariga yetadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi