O‘zbekistonlik talaba qiz Polshada bo‘lib o‘tgan " Interstudent 2026» tanlovi g‘oliblaridan biri bo‘ldi
Fevral 11, 2026. 09:00 • 2 daq
• 162
VARSHAVA, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. Elchixona vakillari “Perspektywy” taʼlim jamg‘armasi va Yagellon universiteti rahbariyati taklifiga binoan “Polshada xorijiy talabalar – 2026” forumida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Polsha akademik maktablari rektorlari konferensiyasi (KRASP) va “Perspektywy” taʼlim jamg‘armasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Study in Poland” dasturi doirasida tashkil etildi.
Konferensiyada 100 ta oliy taʼlim muassasasi, davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, xalqaro agentliklar hamda diplomatik korpus vakillaridan iborat 450 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Ishtirokchilar oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy talabalarni jalb etish, talabalar uchun viza olish jarayonlarini soddalashtirish masalalari bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.
Plenar yig‘ilishlar va mavzuli sessiyalar doirasida Polsha oliy taʼlimini internatsionallashtirish, uning strategik va barqaror rivojlanishi, viza olish jarayonlarini soddalashtirish, xorijiy talabalarni jalb etish geografiyasini kengaytirish, taʼlim dasturlari sifatini oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Xalqaro hamkorlikda demografik salohiyat, taʼlim ehtiyojlari va hamkor davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch hamda tizimli yondashuv zarurligi alohida qayd etildi.
Konferensiya doirasida “Perspektywy” taʼlim jamg‘armasi raisi V.Sivinskiy O‘zbekiston bilan hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning taʼkidlashicha, hozirda Polshada 1 ming 700 nafardan ortiq o‘zbek yoshlari tahsil olmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda O‘zbekiston fuqarolarining Polshada taʼlim olish istagi pasayib borayotgani, viza tizimi bilan bog‘liq muammolar qisqa fursatlarda hal etilmasa, ushbu ko‘rsatkich yana-da pasayishi mumkinligi qayd etildi.
Yagellon universiteti prorektori Ya.Gorniak joriy yil mart oyida ushbu taʼlim dargohida “O‘zbekiston kuni”ni o‘tkazish doirasida Elchixona delegatsiyasining mazkur universitetga tashrifini tashkil etish hamda xalqaro munosabatlar va tibbiyot sohalarida mamlakatimiz oliy taʼlim maskanlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini bildirdi.
Konferensiya va uning doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida polyak universitetlari hamda xalqaro agentliklarining qo‘shma taʼlim dasturlari, akademik almashinuv va oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga yuqori qiziqish mavjud ekani qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
