Logo

Yangi O‘zbekistonning pragmatik mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati sezilarli darajada oshdi

Fevral 04, 2026. 09:00 • 6 daq

129
Yangi O‘zbekistonning pragmatik mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati sezilarli darajada oshdi
Yangi O‘zbekistonning pragmatik mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati sezilarli darajada oshdi
Yangi O‘zbekistonning pragmatik mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati sezilarli darajada oshdi
Yangi O‘zbekistonning pragmatik mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati sezilarli darajada oshdi
Yangi O‘zbekistonning pragmatik mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati sezilarli darajada oshdi
Yangi O‘zbekistonning pragmatik mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati sezilarli darajada oshdi
Yangi O‘zbekistonning pragmatik mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati sezilarli darajada oshdi

ISLOMOBOD, 4-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokiston poytaxtida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va mamlakat xalqiga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev, mamlakatimiz elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistonning yetakchi tahlil markazlari, ijtimoiy-siyosiy doiralari vakillari, ekspertlar, siyosatshunoslar, professorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

– O‘zbekiston so‘nggi yillarda erishgan barcha yutuqlar, avvalo, Prezidentimizning uzoqni ko‘ra biladigan aniq strategik qarashi, qatʼiy siyosiy irodasi hamda tashqi siyosatni mamlakatning uzoq muddatli milliy rivojlanish manfaatlari bilan uzviy va samarali uyg‘unlashtirishga qaratilgan izchil siyosati natijasidir, – dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari B.Aʼloyev. – Shu maʼnoda, O‘zbekistonning o‘z istiqboliga, mintaqaviy va global hamkorlikka bo‘lgan yondashuvlarida davlatimiz rahbarining konseptual chiqishlari, chuqur tahlilga asoslangan doktrinal qarashlari va islohotlarning strategik mantig‘ini belgilab beruvchi g‘oyalari hal qiluvchi o‘rin tutmoqda. Xususan, 2025-yil 26-dekabr kuni taqdim etilgan Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarni yana-da chuqurlashtirish, mamlakatni yangi sifat bosqichiga olib chiqish va taraqqiyotda ulkan marralarni ochishga qaratilgan strategik ahamiyatga ega, konseptual va dasturiy hujjat sifatida namoyon bo‘ldi.

Davra suhbatida ishtirokchilar so‘nggi 7-8 yil ichida O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi, uzoqni ko‘ra bilishga asoslangan strategik yondashuvi hamda davlat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan izchil rahbarligi natijasi ekanini alohida taʼkidladi.

Pokistonlik siyosiy doiralar va ekspertlar fikricha, Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasining asosiy tashabbuskori va arxitektori sifatida mamlakatni chuqur transformatsiya yo‘lidan olib o‘tib, uni ochiq, raqobatbardosh hamda barqaror rivojlanayotgan davlatga aylantirishga qaratilgan islohotlarning bosh harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.

Ochiq va samimiy muloqot shaklida o‘tkazilgan davra suhbati davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining urdu tilidagi nashri tarqatildi.

Sayed Xalid Amir Jafriy, Janubiy Osiyo va xalqaro tadqiqotlar tahlil markazi direktori:

– O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va mamlakat xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida xavfsizlik, iqtisodiy modernizatsiya va mintaqaviy hamkorlik barqaror rivojlanishning yagona tizimini qanday shakllantirayotgani haqida aniq tahlillar keltirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida nisbatan qisqa davr ichida O‘zbekiston jamiyat va iqtisodiy hayotning asosiy sohalarini qamrab olgan chuqur transformatsiya yo‘lini bosib o‘tdi.

Ekspertlar va kuzatuvchilar uchun islohotlar natijalari tanlangan yo‘lning samaradorligini yaqqol tasdiqlab, mintaqadagi muvaffaqiyatli transformatsiyaning yorqin namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuningdek, Murojaatnomada xavfsizlik mavzusi alohida o‘rin tutdi va u adolatli ravishda taraqqiyotning poydevori sifatida baholandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev maʼruzasida tinchlik va barqarorlikni taʼminlamasdan barqaror iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy farovonlikni taʼminlash mumkin emasligini alohida taʼkidladi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonning pragmatik mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoning geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Yaxshi qo‘shnichilik siyosatining izchil amalga oshirilishi va o‘zaro ishonchning tiklanishi mintaqaviy muammolarni yechishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Toshkent esa ShHT, BMT va mintaqa yetakchilari Maslahat uchrashuvlari doirasida muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy maydoni sifatida mustahkam o‘rnashdi.

Umuman olganda, O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasi o‘zaro bog‘liq va umumiy rivojlanish strategiyasini aks ettiradi.

Xalid Taymur Akram, “Umumiy kelajak jamiyati” tahlil markazi direktori:

– O‘zbekiston Prezidentining siyosiy qarashlari va amaliy faoliyatini ko‘p yillardan beri kuzatib, tahlil qilib boraman. Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekistonni nafaqat tashqi dunyo uchun ochgan, balki mintaqa mamlakatlarini o‘zaro jipslashtirish, totuvlik va ishonchni mustahkamlash siyosati orqali butun Markaziy Osiyoni o‘zgartira olgan rahbar sifatida ko‘ramiz.

Davlatingiz yetakchisi faoliyatining ilk kunlaridan qo‘shnilar bilan bog‘liq chegaralardagi bir necha yillik muammolarni hal qildi. Agar bugun Markaziy Osiyo bir butun mintaqa sifatida qaralayotgan bo‘lsa, bu ham, menimcha, faqat Prezident Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlarining amaliy natijasidir.

Tan olish kerak, so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston ulkan taraqqiyotga erishdi. Xitoydan keyin, zamonaviy rivojlanayotgan davlatlar qatorida O‘zbekiston aniq misol bo‘lishi mumkin. Yevropa zamonaviylikka yetishish uchun to‘rt yuz yil sarfladi, Xitoy qirq yil, O‘zbekiston esa bugungi zamonaviy davlatga aylanish uchun faqat o‘n yilga yaqin vaqt sarfladi. Bu o‘zgarishlar nafaqat Toshkentda, balki mamlakatning barcha hududlarida kuzatilyapti.

Shaxsiy tajribamni aytsam, yaqinda pokistonlik tadbirkorlar delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonga bordim va ulkan o‘zgarishlarga shaxsan guvoh bo‘ldim. Biz ko‘plab loyihalardan, ayniqsa “Yangi Toshkent” loyihasidan juda taʼsirlandik. So‘nggi ikki yil ichida qurilish bir necha hududda hamohang ravishda olib borildi va uning surʼati kishini hayratga soladi. Pokistonlik kompaniyalar loyihaning ikkinchi va uchinchi bosqichlarida ishtirok etishga katta qiziqish bildirmoqda.

Shuningdek, Samarqand va Xivadagi bunyodkorlik loyihalari bilan ham tanishdik. Ushbu bunyodkorlik ishlari mamlakatning barcha hududlarini barqaror rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ishonamanki, kelasi ikki-uch yilda O‘zbekiston yana-da zamonaviylashib, ko‘rkam qiyofa kasb etadi.

Rima Shaukat, Mintaqaviy tadqiqotlar instituti departamenti rahbari:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmunan inson manfaatlariga, ayniqsa jamiyat taraqqiyotida xotin-qizlarning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgani bilan yana-da ahamiyatlidir.

O‘tgan yil aprel oyida O‘zbekistonga tashrifim doirasida yurtingizda xotin-qizlarning jamiyat hayotida faol ishtirok etayotganiga, turli sohalar, xususan, qishloq xo‘jaligidan tortib, yuqori texnologiyali transport tizimi va davlat boshqaruvigacha bo‘lgan yo‘nalishlarda samarali mehnat qilayotganiga guvoh bo‘ldim. Shuningdek, Prezident tashabbuslari doirasida taʼlim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga, kam taʼminlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga, uy mehnati va kichik biznesni rag‘batlantirishga hamda gender tengligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani quvonarli.

O‘zbekistonda “mahalla” instituti jamiyat hayotining muhim tayanchi sifatida davlat siyosatining markazidan o‘rin olgan. Bu, o‘z navbatida, joylarda aholi bilan bevosita ishlash, ijtimoiy masalalarni barvaqt aniqlash va hal etishga xizmat qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘ra bilishga asoslangan siyosati mamlakat taraqqiyoti faqat yuqori darajadagi qarorlar orqali emas, balki eng quyi bo‘g‘in – jamiyatning ildizi hisoblangan mahalla darajasida amalga oshirilishi lozim, degan tamoyilga tayanmoqda.

Murojaatnomada yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, taʼlim tizimini maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlim va kasbiy tayyorgarlikkacha takomillashtirish, oilalarni ijtimoiy himoya qilish, maishiy zo‘ravonlikka qarshi qonunchilik va uning ijrosini taʼminlash masalalariga alohida o‘rin berilgan. Ekstremizm, giyohvandlik va korrupsiya kabi illatlarga qarshi profilaktikaga asoslangan yondashuv jamiyat barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega ekani urg‘ulangan.

Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga qarshi kurash, jumladan, Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatish, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash hamda “yashil” moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biridir. O‘zbekistonda qabul qilinayotgan qarorlar nafaqat hujjat darajasida, balki joylarda aniq ijro orqali hayotga tatbiq etilmoqda.

Adam Saud, Baxriya universiteti professori:

– Jamiyat taraqqiyotida mahallaning o‘rni beqiyos. Mahalla mustahkam bo‘lsa, jamiyat va davlat ham barqaror rivojlanadi.

O‘zbekistonda aholining qariyb yarmini xotin-qizlar tashkil etishini inobatga olgan holda, ularni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatida ustuvor vazifa ekanini urg‘ulamoqchiman. Ayniqsa, parlament tarkibida xotin-qizlar ulushi yuqori ekani gender tengligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasi sifatida baholayman.

Fikrimcha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston izchil islohotlar yo‘lidan borib, jamiyat farovonligi, inson qadrini ulug‘lash va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan zamonaviy davlat modelini shakllantirmoqda hamda O‘zbekiston-Pokiston o‘rtasidagi jamoatchilik diplomatiyasi va tarixiy aloqalarni yana-da mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish