Jidda shahrida O‘zbekiston fuqarolari uchun iftorlik o‘tkazildi
Mart 03, 2026. 08:10 • 2 daq
• 123JIDDA, 3-mart /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona tomonidan Madina Islom universitetida tahsil olayotgan talabalar hamda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur iftorlik muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan, madaniy, diniy anʼanalarni saqlash, Jiddada yashovchi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirildi.
Tadbirda yuzdan ortiq hamyurtlar qatnashdi. Vatandoshlarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi bosh mutaxassisi Saidjamol Masaitov maʼruza qildi.
Bosh konsulxona vakillari, imom-xatib bilan birgalikda ishtirokchilarni muborak Ramazon oyi bilan tabriklab, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini taʼkidladi.
Yurtimizda muborak Ramazon oyi fayzi va barakasi har bir xonadonga kirib, qalblarga mehr-oqibat, bag‘rikenglik va shukronalik tuyg‘ularini ulashayotgani qayd etildi. Bu oy – nafaqat ibodat, balki inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarga ko‘mak berish, jamiyatda ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash oyi ekani aytib o‘tildi.
Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, diniy-maʼrifiy yo‘nalishda tub o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. To‘rtta oliy diniy taʼlim muassasasi – Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom institutiga asos solindi. Yana bir muhim jihat, Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Buxoroda Bahouddin Naqshband, Toshkentda Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi.
Shu bilan birga, bosh konsulxona tomonidan mehmonlar uchun alohida ko‘rgazma burchagi tashkil etildi. U yerda Yangi O‘zbekistonning rivojlanishi, o‘zbek madaniyati va anʼanalarini ochib beradigan maxsus kitob va jurnallar taqdim qilindi, musulmon olamida katta obro‘ qozongan buyuk olimlar merosi haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Tadbir so‘ngida vatandoshlar uchun iftor dasturxoni tayyorlandi, har bir ishtirokchi milliy o‘zbek taomlari va bayramona palov bilan tanovul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



