AQShda O‘zbekistonning chekka hududlaridagi qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash fondi ochildi

Noyabr 17, 2026. 09:00 • 2 daq

• 63
AQShda O‘zbekistonning chekka hududlaridagi qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash fondi ochildi
AQShda O‘zbekistonning chekka hududlaridagi qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash fondi ochildi
AQShda O‘zbekistonning chekka hududlaridagi qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash fondi ochildi

RICHMOND, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Virdjiniya shtatida AQShda yashayotgan vatandoshlar tashabbusi bilan tashkil etilgan “Girls Education Fund” xayriya fondining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Fond AQSh qonunchiligiga muvofiq notijorat tashkilot sifatida ta’sis etilgan. Uning asoschilari – vatandoshlar Farxod va Sevara Sulton, shuningdek, Amerikadagi o‘zbek diasporasi vakillari hisoblanadi. Fondning asosiy maqsadi O‘zbekistonning chekka hududlaridan bo‘lgan iste’dodli qizlarga ingliz tili va matematika fanlaridan bepul ta’lim berish, oliy o‘quv yurtlariga kirishga tayyorlash hamda ularning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat.

Fond hammuassisi Sevara Sultonning ta’kidlashicha, yozda e’lon qilingan birinchi tanlovga mamlakatning turli hududlaridan 236 ta ariza kelib tushgan. Insho yozish va suhbat bosqichlarini o‘z ichiga olgan saralash natijalariga ko‘ra, 10 ta hududdan 20 nafar qiz birinchi bosqich ishtirokchisiga aylandi. Hozirda ular O‘zbekistondagi hamkor o‘quv markazi tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida maktab darslaridan tashqari haftasiga olti kun davomida onlayn tarzda bepul shug‘ullanmoqdalar.

Fond rejalarida o‘quvchilar sonini 500 nafarga yetkazish, ularga xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etish va xorijiy universitetlarga o‘qishga kirishda yordam berish ko‘zda tutilgan. Marosimda homiylardan biri tomonidan birinchi guruh ta’limini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ ajratilgani qayd etildi.

Fond vakillari chekka tumanlardagi iste’dodli qizlarni aniqlash va ularni dasturga jalb qilish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, shuningdek, hokimiyatlar va maktablar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdordir.

Marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqov xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish hamda ularning ta’lim olishi va kasbiy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berdi. U fondning faoliyati mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar maqsadlariga to‘la mos kelishini ta’kidlab, vatandoshlarning ushbu ishdagi ishtirokini yuqori baholadi.

Tomonlar shu kabi loyihalar ko‘lamini kengaytirish uchun AQShdagi o‘zbek diasporasi salohiyatidan yanada kengroq foydalanish yuzasidan kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish