Bryusselda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi
Sentabr 26, 2026. 17:00 • 3 daq
• 71
BRYUSSEL,26-sentabr. /"Dunyo" AA/. Belgiya poytaxtida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda Benilyuks va Yevropa Ittifoqi (YEI) mamlakatlari vakillari, diplomatlar, yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlari, mintaqada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etdi.
Benilyuks mamlakatlari, YEI, NATO va xorijiy diplomatik vakolatxonalar vakillari O‘zbekiston rahbariyati va xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabrikladi.
Mehmonlarga O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va investitsiyaviy salohiyati o‘sib borayotgani haqida ma’lumot berildi.
Ta’lim, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, odil sudlov, sog‘liqni saqlash va ekologik barqarorlik sohalaridagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil oktyabr oyida Bryusselga amalga oshirgan tashrifiga alohida ahamiyat qaratildi. Uning yakunlari bo‘yicha YEI rahbariyati bilan muhim kelishuvlarga erishildi va Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitining natijalari va tomonlar o‘rtasidagi strategik sheriklikning yanada rivojlanishi e’tirof etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonning YEI va Benilyuks davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Mehmonlar mustaqillik yillarida mamlakat taraqqiyoti natijalarini, xususan, so‘nggi o‘n yillikdagi keng ko‘lamli islohotlarni, ochiq tashqi siyosat va O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikdagi faol ishtirokini e’tirof etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy qiyofasiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ekspozitsiyasi namoyish etildi.
«Solvay» xalqaro kompaniyasi vakili Sergey Morozov O‘zbekistonga muntazam tashrif buyurishi, har safar yangi loyihalar, ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlarini ko‘rishini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tog‘-kon, metallurgiya va kimyo tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni joriy etish va sanoatni rivojlantirish xalqaro kompaniyalarning O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorligi uchun imkoniyatlar yaratadi.
«Toshkentdagi yangi loyihalar, Yangi Toshkent qurilishi va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda mamlakatning boy tarixiy va madaniy merosini o‘zida namoyon etuvchi Islom sivilizatsiyasi markazi menda katta taassurot qoldirdi», – dedi Sergey Morozov.
«Buscardini Communications» va «Travel Tomorrow» asoschisi, «Brussels Press Club» rahbari, O‘zbekistonning turizm bo‘yicha faxriy elchisi Antonio Buskardini mustaqillik tadbirida ishtirok etish o‘zi uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi.
«Bu uchrashuv O‘zbekistonning boy madaniy merosi, an’anaviy mehmondo‘stligi va uning Yevropa bilan tobora faollashib borayotgan hamkorligining yorqin ifodasi bo‘ldi», – dedi u.
Buskardinining so‘zlariga ko‘ra, u O‘zbekistonning turizm bo‘yicha faxriy elchisi sifatida mamlakatni yevropalik sayyohlar orasida targ‘ib qilish, uning madaniy merosi, sayyohlik salohiyati va mehmondo‘stlik an’analariga bo‘lgan qiziqishni oshirishga ko‘maklashish niyatida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi