Logo

Ostona sammitlarida mintaqaviy ekologik barqarorlik va suv xavfsizligining yangi strategiyalari belgilanadi

Aprel 22, 2026. 08:15 • 6 daq

316
Ostona sammitlarida mintaqaviy ekologik barqarorlik va suv xavfsizligining yangi strategiyalari belgilanadi

TOSHKENT, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirlar davomida Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti yo‘lida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning dolzarb ekologik, iqlim va suv muammolarini hal etish masalalari muhokama qilinadi.

Prezidentimiz ushbu masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi, milliy pavilyonlardan iborat maxsus ekologik ko‘rgazmaga tashrif buyuradi. Sammitlar yakunida qator muhim hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlarining ushbu uchrashuvi alohida ahamiyatga ega. Chunki 2027­–2029-yillarda jamg‘armaga raislik qilish O‘zbekistonga o‘tishi rejalashtirilgan. Mamlakatimiz uchun bu 19971999 va 20132016-yillardagi raislik davrlaridan keyin tarixda uchinchi mandat bo‘ladi.

2023-yilda Dushanbe shahrida Tojikiston raisligidagi Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan majlisda O‘zbekiston yetakchisi tomonidan qator ahamiyatga molik takliflar bildirilgan edi.

Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish; ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha tizimli hamkorlikni kuchaytirish; jamg‘armaning ishchi organlariga xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalar ishlab chiqish; suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida eʼtibor qaratish kabi ilg‘or tashabbuslarni ilgari surgandi.

1993-yilda tashkil etilgan OQXJ o‘tgan davr mobaynida mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va sheriklikning ajralmas mexanizmiga aylandi.

2008 yildan buyon BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan ushbu noyob platforma suv resurslarini boshqarish, ekologiyani sog‘lomlashtirish va Orolbo‘yi hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kompleks tarzda hal qilishda yagona mintaqaviy tuzilmaga aylandi.

Markaziy Osiyo so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga tobora ko‘proq duch kelayotgan va dunyoda undan eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan mintaqalaridan biri. So‘nggi 70 yil ichida Markaziy Osiyoda harorat Selsiy bo‘yicha 1,5–2 darajaga ko‘tarildi. Bu ekologik muammolarning keskinlashuviga, muzliklarning erishi va cho‘llanishning tezlashishiga taʼsir ko‘rsatmoqda.

Markaziy Osiyoda suv resurslari taqchilligi ortib bormoqda. Bugungi kunda 37 million nafardan ortiq kishi asosan suv taʼminotining pasayishi, tegishli infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanmaganligi bilan bog‘liq bo‘lgan suv resurslari keskin yetishmaydigan hududlarda yashaydi.

Yevroosiyo taraqqiyot banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025–2030-yillarda mintaqa mamlakatlari uchun suv va iqlim infratuzilmasiga zarur bo‘lgan investitsiyalarning umumiy hajmi qariyb 29,2 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

Orolbo‘yi mintaqasining holati vaziyatni qiyinlashtirmoqda – shamollar Orolning qurigan tubidan har yili taxminan 15–75 million tonna qum, chang va tuzni uchirib ketadi. Bu esa sezilarli masofalarda havoning sifatini yomonlashtiradi va bevosita ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi.

Shu sababdan ham so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning mintaqaviy kun tartibida ekologik masalalar tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Suv resurslari bilan bog‘liq muammolar, yerlarning degradatsiyasi, iqlim o‘zgarishi, Orolbo‘yining holati endilikda mintaqa mamlakatlari tomonidan alohida emas, balki mintaqaning umumiy barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari kontekstida ko‘rilmoqda.

Mintaqa mamlakatlarining iqlim bilan bog‘liq xalqaro tadbirlarda faollashganini ham taʼkidlash joiz. Xususan, BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi konferensiyalarida Markaziy Osiyo mamlakatlari “5 mamlakat – 1 mintaqa – 1 ovoz” tamoyili ostida chiqish qilib, iqlim muammolari bo‘yicha milliy ustuvor masalalar va umumiy mintaqaviy yondashuvlarni taqdim eta boshladi.

Orol inqirozi oqibatlariga moslashish masalasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Xususan, Orol dengizining qurigan tubida O‘zbekiston tomonida so‘nggi 5 yil ichida 2 million gektar o‘rmonzorlar barpo etildi, Qozog‘iston tomonida 1 million gektardan ortiq maydonda o‘rmon-melioratsiya ishlari olib borildi.

Mintaqaviy hamkorlikning yana bir yorqin natijalaridan biri Shimoliy Oroldagi vaziyatning yaxshilanishi bo‘ldi. Sirdaryo bo‘yidagi  suv omborlarining ish tartibini muvofiqlashtirish va davlatlararo kelishuvlarni bajarish hisobiga so‘nggi uch yilda dengizga 6 milliard kub metrdan ortiq suv kelib tushdi. Natijada, Shimoliy Orolning hajmi 2022 yil oxiridagi 18,9 milliard kub metrdan 2025 yil oxirida 23 milliard kub metrgacha oshdi.

Bilim almashinuvi va ilmiy ekologik ekspertiza sohasida ham mintaqaviy hamkorlik kengaymoqda. O‘zbekistonda atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universitetining tashkil etilishi ushbu hamkorlikning natijasi bo‘lib, mintaqada shu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash va qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish uchun yangi maydonga aylandi.

Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy ekologik sammitlar iqlim masalasida umumiy maqsadiga erishish yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ladi. Iqlim va ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha yangi va amaliy yechimlarni ishlab chiqish nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlarining global iqlim kun tartibiga qo‘shgan hissasini oshirishga, balki ekotizimlar barqarorligini taʼminlash, havo ifloslanishini kamaytirish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va ustuvor ravishda suv va energetika resurslarini boshqarish bo‘yicha mintaqaviy vazifalarni hal etishga ham xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda davlatlararo kelishuvlarga qatʼiy amal qilinishi natijasida turli loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. 2018 yilda BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondining ishga tushirilishi siyosiy tashabbuslarga muhim qo‘shimcha bo‘ldi. O‘zbekiston taklifi bilan tashkil etilgan mazkur fond mintaqadagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal qilish uchun donorlik resurslarini birlashtirish va xalqaro hamjamiyatni muvofiqlashtirishning samarali mexanizmiga aylandi.

Shu bilan birga, yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Atrof-muhitni asrash, tabiatni yashnatish maqsadida tashkil etilgan ushbu loyiha doirasida har yili 200 million tup ko‘chat ekish aksiyasi muntazam o‘tkazilib kelinmoqda.

O‘tgan davrda 2 ming gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parklari, 47 ta massivda “Yangi O‘zbekiston bog‘lari”barpo etildi. Respublikaning tog‘, cho‘l va adirlarida 256 ming gektar o‘rmon tashkil qilindi. Orolning qurigan tubida 2 million gektar maydonda yashil qoplamali himoya o‘rmonzorlari yaratildi. Shamol va qum-chang bo‘ronlari zararli taʼsirining oldini olish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometrli “yashil belbog‘” hosil qilindi.

2025-yilda Xo‘jayli, Yangibozor, G‘ijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida yiliga 5,5 million tup manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirish imkonini beradigan zamonaviy ko‘chatxonalar ishga tushirildi.

Bundan tashqari, cho‘llanishni kamaytirish uchun Xitoy tajribasi asosida joriy yil ilk bor Arnasoy, Qorako‘l, Muborak, Karmana va Nukus tumanlarida 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bog‘lari yaratildi.

Mintaqa mamlakatlarining 2023-yilgi Dushanbe sammitida ilgari surgan tashabbuslari Ostonadagi muzokaralarning asosiy kun tartibini belgilab beradi. Xususan, O‘zbekiston tomoni har bir mintaqaviy loyiha bo‘yicha moliya va muddatlar aniq belgilangan “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish hamda Afg‘onistonni, xususan Qo‘shtepa kanali taʼsirini o‘rganish orqali mintaqaviy suv muloqotiga jalb etish tashabbusi bilan chiqmoqda.

Yig‘ilishda Orol dengizi va uning havzasidagi ekologik vaziyat, barqaror rivojlanish, oziq-ovqat va energiya xavfsizligi borasidagi yirik loyihalar ko‘rib chiqiladi. Xususan, hozirda Orol dengizi havzasida 42 ta ekologik loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Jahon banki ko‘magida ikki mintaqaviy grant loyihasini ishga tushirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Ostona sammitlari Markaziy Osiyo davlatlarining ekologik ofatga qarshi kurashda naqadar birlashganligini ko‘rsatuvchi ko‘zgu bo‘ladi. Eskirgan sug‘orish usullaridan raqamli boshqaruv tizimiga o‘tish, siyosiy iroda va institutsional yangilanishlar mintaqaviy tinchlik va farovonlikning kafolatidir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish