Logo

Budapeshtdan munosabat: O‘zbekiston mintaqada faqat hamkor emas, balki muhim tashabbuskor davlat sifatida ham namoyon bo‘lmoqda

Aprel 23, 2026. 09:55 • 2 daq

132
Budapeshtdan munosabat: O‘zbekiston mintaqada faqat hamkor emas, balki muhim tashabbuskor davlat sifatida ham namoyon bo‘lmoqda

BUDAPESHT, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. Vengriya Xalqaro munosabatlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Shandor Sheremet “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi yig‘ilishidagi ishtiroki haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘ylashimcha, Orol dengizi fojiasi yana bir bor shuni ko‘rsatmoqdaki, iqlim bilan bog‘liq muammolar chegara tanlamaydi. Yakka tartibdagi tashabbuslar muhim bo‘lsa-da, ular kompleks mintaqaviy hamkorliksiz faqat cheklangan natija beradi. Suv taʼminoti, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik va Orol dengizi o‘rnida paydo bo‘lgan Orolqum cho‘lidan tuz va chang tarqalishi nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun qitʼa uchun umumiy muammodir.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatidagi ishtiroki davlatning iqlim masalalariga masʼuliyat bilan yondashayotganini va mintaqaviy hamkorlikning muhimligini to‘g‘ri anglayotganini ko‘rsatadi.

Markaziy Osiyoda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchi davlatlar ekanini, bu esa tabiiy ravishda mintaqaviy yetakchilik uchun raqobat muhitini shakllantiradi. Sog‘lom raqobat energetika xavfsizligi, ekologik siyosat, iqlim va suv resurslarini boshqarish kabi muhim sohalarda yaqin hamkorlikka to‘sqinlik qilmaydi.

Sirdaryo va Amudaryo suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha yagona avtomatlashtirilgan tizim joriy etish, transchegaraviy suvlardan foydalanish bo‘yicha huquqiy asoslarni shakllantirish kabi tashabbuslar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidentining Ostonaga tashrifi mamlakat rahbariyatining suv resurslarini boshqarishga pragmatik yondashuvini va mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston tashqi siyosatda ochiqlik va mintaqaviy hamkorlik strategiyasini izchil amalga oshirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning harakatlari milliy manfaatlarni himoya qilishda hamkorlikni cheklov emas, balki uni amalga oshirish vositasi sifatida ko‘rayotgan pragmatik yondashuvni namoyon etmoqda. Shu orqali O‘zbekiston mintaqada faqat hamkor emas, balki muhim tashabbuskor davlat sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish