Logo

Bishkekdan munosabat: Ostonadagi uchrashuvlar shuni ko‘rsatadiki, suv va ekologiya masalalari endilikda nizo manbai emas, balki mintaqaviy hamkorlikni kuchaytiruvchi omilga aylanmoqda

Aprel 23, 2026. 08:10 • 2 daq

177
Bishkekdan munosabat: Ostonadagi uchrashuvlar shuni ko‘rsatadiki, suv va ekologiya masalalari endilikda nizo manbai emas, balki mintaqaviy hamkorlikni kuchaytiruvchi omilga aylanmoqda

BISHKEK, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. Qirg‘iziston Jahon siyosati instituti direktori Sheradil Baktigulov “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi yig‘ilishidagi ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

– Fikrimcha, mazkur tashrif tarixiy ahamiyatga ega. Chunki mintaqada iqlim o‘zgarishi kuchayib borayotgan bir paytda davlatlar faqat bayonotlar bilan cheklanmay, amaliy harakatlarga o‘tayotganini anglatadi. Jumladan, 2026–2036-yillarni “Suvdan foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb eʼlon qilish ham shuning ifodasidir.

O‘zbekiston Prezidentining ushbu sammitda ishtirokini uchta asosiy jihat bilan izohlash mumkin. Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda. Orol fojiasi barcha davlatlar uchun umumiy muammo bo‘lib, uni birgalikda hal qilish zarur. Bu masala nafaqat mintaqa, balki qo‘shni hududlarga ham taʼsir ko‘rsatmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning “yashil diplomatiya”ga o‘tayotgani va Ostona muloqot maydoniga aylanayotgani muhim ahamiyatga ega.

Ikkinchidan, iqlim masalalari iqtisodiyot bilan bevosita bog‘lanmoqda. Sammitda suv tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari (quyosh va shamol energetikasi), shuningdek, transchegaraviy daryolardan foydalanish kabi masalalar muhokama qilindi. Qabul qilinayotgan qarorlar Markaziy Osiyoda yashovchi millionlab odamlarning hayotiga taʼsir qiladi.

Uchinchidan, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatini yangilash masalasi ko‘tarildi. Ilgari uning ishi keng jamoatchilikka unchalik sezilmagan bo‘lsa, endilikda uni samarali mexanizmlar va moliyaviy vositalar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. O‘zbekiston bu jarayonda faol tashabbus ko‘rsatmoqda.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatini kuchaytirish orqali Markaziy Osiyo davlatlari suv va iqlim bilan bog‘liq muammolarni tizimli ravishda hal qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, Ostonadagi uchrashuvlar shuni ko‘rsatadiki, suv va ekologiya masalalari endilikda nizo manbai emas, balki mintaqaviy hamkorlikni kuchaytiruvchi omilga aylanmoqda. Erishilgan kelishuvlar kelgusida Markaziy Osiyoning “yashil rivojlanish” asosini shakllantirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish