Logo

O‘zbekiston jahon xalqlari tarixida yanada yuksak o‘rin egallashiga ishonamiz

Yanvar 30, 2026. 08:10 • 2 daq

4
O‘zbekiston jahon xalqlari tarixida yanada yuksak o‘rin egallashiga ishonamiz

ANQARA, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiy dunyo muhandislari va meʼmorlari uyushmasi bosh kotibi Ilyos Demirchi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha “Dunyo” AA uchun fikr bildirdi:

– O‘zbekiston–Turkiya munosabatlari misli ko‘rilmagan surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Nazarimda, Osiyoda Samarqand, Toshkent, Buxoro, Anqara va Istanbulgacha cho‘zilgan yarim oy shaklidagi yorqin yulduz porlamoqda.

Jadidlar ruhidagi madaniy uyg‘onish turkiy tafakkur va ilm-fanning o‘ziga xos xususiyatlarini rivojlantirishga qaratilgan kuchli harakatdir. O‘zbekiston Osiyoning yorqin yulduzi bo‘lib, yosh avlodga aytayotgan mazmunli so‘zlari bilan o‘tmishini unutmasdan, kelajak sari dadil qadam tashlamoqda, yorug‘lik tezligida rivojlanmoqda. Bugungi kunda u nafaqat taraqqiyot markazi, balki turkiy-islomiy madaniyat va sivilizatsiyaning maʼnaviy poytaxti, yuragi hamdir.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan 35 yil ichida, ayniqsa, so‘nggi 10 yil ichida donolik, siyosiy uzoqni ko‘ra bilish va teran davlatchilik tafakkuri bilan amalga oshirilgan islohotlar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun turkiy dunyo va jahon hamjamiyati uchun namuna bo‘la oladigan zamonaviy, shaffof va ilg‘or davlat tizimini shakllantirdi.

Hududiy rejalashtirish, shaharsozlik va urbanizatsiya jarayonlari yakunlandi, “aqlli shaharlar” barpo etildi, yo‘llar, ko‘priklar, muhandislik inshootlari, taʼlim muassasalari qurildi. Jamiyatning asosiy tayanchi bo‘lgan mahalla instituti “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi bilan yanada mustahkamlandi. Aytish mumkinki, O‘zbekiston Prezidenti o‘n yil ichida asrlarga tatigulik ishlarni amalga oshirgan buyuk davlat arbobi va milliy yetakchi sifatida tarixda qoladi.

Biz Turkiy dunyo muhandislari va meʼmorlari uyushmasi sifatida qilichi bilan yer yuzini zabt etgan buyuk Amir Temur avlodi, qalami bilan osmonni, Somon yo‘lini zabt etgan alloma Mirzo Ulug‘bekning muqaddas xotirasiga bag‘ishlangan turkum yillarni eʼlon qildik.

O‘zbekistonning milliy yetakchisi bor. O‘zbekistonning mehnatkash xalqi bor. Biz o‘zbek xalqini o‘z qardoshimiz deb bilamiz. Biz ham muhtaram O‘zbekiston Prezidentini Prezidentimiz sifatida eʼtirof etamiz.

Shu bois biz yurtingizda va turkiy dunyoda katta muvaffaqiyatlarga erishgan muhandislar jamoasiga til, fikr va mehnat birligi yo‘lida xizmat qilamiz.

Ishonamizki, O‘zbekiston jahon xalqlari tarixida yanada yuksak o‘rin egallaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish