Logo

Avstriyadagi vatandoshlarimiz Navro‘z bayramini keng nishonladi

Mart 25, 2026. 16:48 • 2 daq

56
Avstriyadagi vatandoshlarimiz Navro‘z bayramini keng nishonladi

VENA, 25-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Vena shahrida vaqtincha va doimiy istiqomat qilayotgan, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan vatandoshlarimiz uchun Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir tashkil qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir avvalida elchi Baxtiyor Ibragimov elchixonaga tashrif buyurgan barcha mehmonlarni bahorning eng go‘zal, qadimiy bayrami, yangilanish va ezgulik timsoli bo‘lgan Navro‘zi olam bilan samimiy tabrikladi.

Shu bilan birga, elchi o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi, Davlatimiz Rahbari boshchiligida iqtisodiyotni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim natijalarga erishilganligini ham ta’kidladi.

Mazkur islohotlar natijasida mamlakatimiz bugungi kunda jahon hamjamiyatida munosib o‘rin tutayotgani bilan bir qatorda, O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga hissa qo‘shayotganliklari ham alohida qayd etildi.

Barcha taklif etilgan Vatandoshlar mamlakatimiz so‘ngi yillarda erishayotgan muvaffaqiyatlarini faxr bilan e’tirof etib, uning kelajakdagi ravnaqi yo‘lida eng samimiy tilaklarni bildirishdi.

Tadbirda fuqarolarimiz bir oiladek jam bo‘lishib, bayramni yuqori kayfiyatda suhbatlashib, tortiq qilingan dasturxon va o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘lishdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish