O‘zbekiston turizm salohiyati “Busan Worl Wide” teleradiokanalida namoyish qilindi
Fevral 03, 2026. 12:37 • 3 daq
• 18SEUL, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli “Busan World Wide” teleradiokanalida yurtimizning sayyohlik salohiyati va tarixiy qadamjolariga bag‘ishlangan maxsus ko‘rsatuv efirga uzatildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Namoyish etilgan dasturda Samarqandning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o‘rni, Sharq va G‘arbni bog‘lab turgan Buyuk Ipak yo‘lidagi ahamiyati hamda asrlar davomida shakllangan madaniy merosi keng yoritildi.
Ko‘rsatuvda Samarqandning XIV asrda Temuriylar imperiyasining poytaxti sifatida siyosiy, ilmiy va madaniy markaz bo‘lgani, shahar meʼmorchiligida turli madaniyat va anʼanalar uyg‘unlashgani taʼkidlandi. Ayniqsa, shaharning tarixiy markazi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani va muhim madaniy va meʼmoriy maskanlardan biri ekanini tasdiqlovchi omil sifatida qayd etildi.
Lavhalarda Samarqand nafaqat o‘tmish sivilizatsiyalarining merosini saqlab kelayotgan shahar, balki zamonaviy turizm markazi sifatida ham namoyon etildi. Xalqaro standartlarga javob beradigan mehmonxonalar, rivojlanayotgan transport infratuzilmasi, raqamlashtirilgan turistik xizmatlar va xavfsiz sayyohlik muhiti shaharning jozibadorligini oshirayotgan asosiy omillar sifatida ko‘rsatildi.
Muallif Koreya sayyohlari uchun amal qilayotgan vizasiz rejim, xalqaro aviaqatnovlar, milliy taomlar va madaniy festivallar Samarqandga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirayotgani taʼkidladi.
Ko‘rsatuv davomida Samarqandning asosiy ramziy maskanlari ham alohida yoritildi. Jumladan, Registon maydoni asrlar davomida shahar hayotining markazi bo‘lib kelgani, bu yerda davlat ahamiyatiga molik tadbirlar, ilm-fan va jamoat yig‘inlari o‘tkazilgani haqida maʼlumot berildi. Bugungi kunda esa ushbu majmua uchta madrasa bilan o‘ralgan noyob meʼmoriy ansambl sifatida Samarqandning betakror qiyofasini namoyon etayotgani qayd etildi. Moviy koshinlar va murakkab naqshlar Ipak yo‘li davridagi madaniy almashinuv ruhini yaqqol aks ettirishi alohida urg‘ulandi.
Go‘ri Amir maqbarasi Amir Temur merosining yorqin namunasi sifatida taqdim etildi. Ushbu inshoot meʼmorchiligi Temuriylar saltanatining qudrati va estetik didi bilan birga, keyinchalik Janubiy Osiyo hududida shakllangan meʼmoriy anʼanalarga ham katta taʼsir ko‘rsatgani taʼkidlandi. Bu holat Samarqandning madaniy taʼsiri mintaqaviy emas, balki keng sivilizatsion ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Samarqandning “moviy shahar” sifatidagi qiyofasi esa Shohi Zinda majmuasi orqali ochib berildi. XI–XV asrlarga oid turli meʼmoriy davrlarni o‘zida mujassam etgan ushbu majmua ranglar, naqshlar va xattotlik uyg‘unligi bilan shaharning maʼnaviy va badiiy dunyoqarashini ifodalashi qayd etildi. Ayniqsa, ushbu maskanning fotografiya va madaniy sayohat ixlosmandlari orasida alohida qiziqish uyg‘otayotgani taʼkidlandi.
Ko‘rsatuvda Samarqandning gastronomik anʼanalariga ham eʼtibor qaratildi. Samarqand palovi, anʼanaviy non va choy madaniyati shaharning mehmondo‘stlik ruhini aks ettiruvchi muhim madaniy unsurlar sifatida ko‘rsatildi. Bu taomlar mahalliy aholi hayotida muhim o‘rin tutishi bilan birga, sayyohlar uchun ham madaniy tajribaning ajralmas qismi ekani taʼkidlandi
Shu bilan birga, Samarqand tarixi, meʼmorchilik va madaniy merosga qiziquvchi janubiy koreyalik sayyohlar orasida tobora ortib borayotgan qiziqish markaziga aylanayotgani, ushbu qiziqish esa amaldagi sayohatlar sonining o‘sishi bilan hamohang ekani qayd etildi. Qadimiy sivilizatsiya va zamonaviy shahar muhitining uyg‘unligi Samarqandni Janubiy Koreya bozori uchun ko‘plab sayyohlarni jalb qilayotgan istiqbolli yo‘nalish sifatida shakllantirayotgani alohida taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



