O‘zbekiston va Qirg‘iziston: Hududlararo iqtisodiy diplomatiyaning yangi istiqbollari
Fevral 08, 2026. 14:20 • 2 daq
• 47
O‘Sh, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi O‘sh viloyat boshqarmasi rahbari Kantoro Turdubayev bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, xususan, mintaqaviy munosabatlarni mustahkamlash va transport logistikasida Eronning Bandar-Abbos va Chohbahor portlaridan alternativ yo‘nalish sifatida foydalanish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, fevral oyida Namanganda o‘tadigan “Central Asia Agrowomen – 2026” forumi hamda yil davomida O‘shda tashkil etiladigan xalqaro yarmarkalarda o‘zaro faol ishtirok etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Alohida taʼkidlandiki, Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan “IT-City” va “Osh City” kabi yirik qurilish loyihalari O‘zbekistonning qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Mazkur obyektlar Prezident davlat dasturiga kiritilgani bois, ularga olib kiriladigan qurilish mahsulotlari uchun bojxona to‘lovlarining nol stavkasi qo‘llanilishi va o‘zbekistonlik mutaxassislarni qurilish jarayonlariga jalb etish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Shu maqsadda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkorlari ishtirokida “Uchbuloq” MCHJ qo‘shma korxonasi tashkil etilgani maʼlum qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘sh shahrida O‘zbekiston qurilish materiallari ko‘rgazmasini tashkil etish va shou-rumini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ikki tomonlama savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi delegatsiyasining tashrifini uyushtirish hamda “Do‘stlik” chegara-o‘tish punktida qurilish materiallari tashuvchi transport vositalari uchun alohida yo‘lak tashkil etish masalalarini o‘rganib chiqish taklif etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
