Logo

O‘zbekiston va YUNESKO tashkilotning 43-sessiyasida bildirilgan xalqaro tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqmoqda

Fevral 02, 2026. 15:52 • 3 daq

57
O‘zbekiston va YUNESKO tashkilotning 43-sessiyasida bildirilgan xalqaro tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqmoqda
O‘zbekiston va YUNESKO tashkilotning 43-sessiyasida bildirilgan xalqaro tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqmoqda

PARIJ, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Fransiya poytaxtida O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi Kotibiyati rahbariyati bilan qator kengaytirilgan uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot jarayonida YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 43-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish borasida fikr-mulohaza almashildi.

O‘zbekiston Prezidentining har bir tashabbusi bo‘yicha aniq tuzilgan mexanizmlar, muddatlar va masʼul tuzilmalarni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi” ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvlarda Kotibiyatning taʼlim, madaniyat, tabiiy fanlar, ijtimoiy va gumanitar sohalar bo‘yicha sektor rahbarlari ishtirok etib, belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha ekspert va maslahat hamkorligini davom ettirishga tayyor ekanini taʼkidladi.

YUNESKO Kotibiyati vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochilish marosimidagi dasturiy nutqi strategik hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichiga o‘tish uchun mustahkam poydevor yaratganini alohida qayd etdi.

Taʼlim sohasidagi kun tartibini muhokama qilish doirasida tomonlar 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Butunjahon professional taʼlim sammitiga kompleks tayyorgarlikni boshlash bo‘yicha prinsipial kelishuvlarga erishdi.

O‘quv jarayoniga ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish, xususan, “Sunʼiy intellekt – maktab” tajriba-sinovini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bundan tashqari, YUNESKO alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv taʼlim platformasini yaratishda, ilmiy va akademik salohiyatni mustahkamlash maqsadida respublika oliy taʼlim muassasalarida YUNESKO kafedralari tarmog‘ini keyinchalik kengaytirishda maslahat yordamini ko‘rsatadi.

Madaniy hamkorlik sohasida ham sezilarli yutuqlarga erishildi. Tomonlar YUNESKO Ijroiya kengashining zamonaviy global tahdidlar, jumladan, iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasini ishlab chiqish, 19-noyabrni Xalqaro hujjatli meros kuni deb eʼlon qilish tashabbusini atroflicha muhokama qildi.

Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband nomidagi ilmiy-tadqiqot markazlarining ilmiy va tadqiqot salohiyatini birlashtirish, akademik almashinuvni rivojlantirish va ilmiy hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Yoshlarning ijodiy rivojlanishi uchun yangi platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan Xalqaro bolalar madaniy kontenti festivalini Toshkentda tashkil etish masalasi kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo‘ldi.

Muloqotda gender tenglikni ilgari surish va xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish masalalari ham muhim o‘rin egalladi. YUNESKOning ixtisoslashgan departamenti rahbariyati O‘zbekistonda Ayollar yetakchiligi akademiyasini tashkil etish tashabbusini yuqori baholadi. Tashkilot ushbu institutning o‘quv dasturlari va rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishda ekspert yordamini ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, 2027-yilda Samarqand shahrida taʼlim, madaniyat va ilm-fan sohalarida xotin-qizlarning global forumini o‘tkazish konsepsiyasini ishlab chiqish boshlandi.

Muzokaralarning ekologik va ilmiy blokida Kitob davlat geologiya qo‘riqxonasini YUNESKOning Geoparklar global tarmog‘iga kiritish bo‘yicha muvofiqlashtirish ishlari boshlandi. Kotibiyat vakillari obyekt noyob tabiiy salohiyatga ega ekanini va nomzodlik hujjatlari to‘g‘ri tayyorlangan taqdirda uni xalqaro miqyosda tan olish jarayoni maqbul muddatlarda yakunlanishi mumkinligini taʼkidladi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikning amaliy bosqichini boshlash, barcha tashabbuslar bo‘yicha konseptual hujjatlarni tayyorlash, milliy koordinatorlarni belgilash, yaqin oylarda onlayn va yuzma-yuz formatda maslahat uchrashuvlari o‘tkazishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish