Kuvaytlik bloger va tadbirkor ayollar O‘zbekistonga qiziqish bildirmoqda
Aprel 21, 2026. 08:10 • 2 daq
• 160
AL-KUVAYT, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish maqsadida turizm, madaniyat, adabiyot va media sohalarida faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkor ayollar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda trevel-bloger Amani Al Nafisi, sayyohlik kompaniya asoschisi Suad Al-Mahri, yozuvchi va adabiyotshunos Hanan Al Advani, xalqaro sayyohlik yo‘nalishlari koordinatori Altaf Al-Qadibi, sayyohlik agentligi rahbari Ebtisam Almizel, sayyohlik guruhlari tashkilotchisi Huzama Ruayd kabi kuvaytlik bloger va tadbirkor ayollar ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida mehmonlar O‘zbekistonning boy tarixi, betakror madaniy merosi, go‘zal tabiati va milliy taomlari haqida ma’lumotga ega ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, ular ushbu islohotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurish istagini bildirdi.
Kuvaytlik xotin-qizlar O‘zbekistonning turizm salohiyatini o‘z yurti jamoatchiligi orasida keng targ‘ib qilish, shu orqali mintaqa davlatlaridan sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Elchixona diplomatlari yurtimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari haqida ham ma’lumot berdi. Xususan, turizm sohasini jadal rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Trevel-bloger Amani Al Nafisi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali O‘zbekiston haqida media materiallarni keng yoritish niyatida ekanini bildirdi. Jumladan, u milliy oshxonaga bag‘ishlangan maxsus kontent tayyorlash rejalari haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va targ‘ibot ishlarini faollashtirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi