Janubiy Koreyada aholini ro'yxatga olish bo'yicha anketa savollari o'zbek tilida ham taqdim etiladi

Iyul 29, 2025. 17:08 • 2 daq

257
Janubiy Koreyada aholini ro'yxatga olish bo'yicha anketa savollari o'zbek tilida ham taqdim etiladi

SEUL, 29-iyul. /"Dunyo" AA/. Janubiy Koreyada har besh yilda bir marta o'tkaziladigan aholini ro'yxatga olish 2025-yilning oktyabr-noyabr oylarida amalga oshiriladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"The Korea Times" nashrining yozishicha, so'rov butun Janubiy Koreya bo'ylab 5 million xonadon, jumladan, mamlakat aholisining 5 foizdan ortig'ini tashkil etuvchi chet el fuqarolarini qamrab oladi. Anketa 20 ta xorijiy tilda, jumladan, o'zbek tilida ham taqdim etiladi.

Mavjud ingliz, xitoy, yapon, indonez, kxmer, mo'g'ul, nepal, rus, tay va vyetnam tillariga yana 10 ta – bengal, birma, qozoq, qirg'iz, laos, malay, singal, ukrain, urdu va o'zbek tillari qo'shildi.

Mazkur gazeta ma'lumotiga ko'ra, bugungi kunda Janubiy Koreyadagi o'zbek diasporasi 98458 kishini tashkil qiladi.

Ta'kidlanishicha, onlayn muloqot ommabopligi tufayli turli raqamli qurilmalar uchun so'rovnoma ishlab chiqiladi va so'rovda ishtirok etish uchun shaxsiy tashriflar qisqartiriladi.

2025-yilgi aholini ro'yxatga olish mamlakatda birinchi aholini ro'yxatga olishning 100 yilligiga to'g'ri keladi va Janubiy Koreya tarixidagi eng yirik aholini ro'yxatga olish bo'ladi, deyilgan manbada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish