O‘zbekiston Prezidenti “President Tech Award”da g‘olib bo‘lgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi
Fevral 24, 2026. 17:44 • 2 daq
• 127
TOSHKENT, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan muloqot doirasida “Raqamli texnologiyalar yo‘nalishida eng yaxshi startap” – “President Tech Award” loyihasi g‘oliblarining taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mazkur tanlov Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida 2023-yildan boshlab o‘tkazib kelinmoqda. Uning umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million dollarni tashkil etadi.
Tanlovda sunʼiy intellekt, ijtimoiy texnologiyalar, MicroSaaS va AdTech, moliyaviy texnologiyalar va tadbirkorlik, o‘yin dasturlari hamda maxsus yo‘nalish – xakaton bo‘yicha eng namunali loyihalar tanlab olinadi.
Ilk tashkil etilgan tanlovda to‘rt mingdan ziyod ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, ishtirokchilarning soni olti mingga yaqinlashdi. Jamoalarning soni esa 444 tadan 862 taga yetdi.
Davlatimiz rahbariga tanlov g‘oliblari o‘zlarining startap loyihalari, ularning afzalliklari va amaliy samarasi xususida so‘zlab berdi.
– Biz kichik startaplar katta-katta loyihalarga, daromadli biznesga aylanishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Buning uchun har bir startapchi bilan muloqot qilish, unga kerakli yordamni ko‘rsatish lozim, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Yoshlarning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash orqali kelajak kasblariga zamin yaratilayotgani, dunyo davlatlari ham yoshlarning startap loyihalariga alohida qiziqish bildirayotgani taʼkidlandi.
Prezidentimiz startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga mablag‘lar yanada ko‘paytirilishini aytib, yoshlar o‘zlarining yangicha qarashlari va g‘oyalari bilan yana qaysi soha va yo‘nalishlarda izlanishi kerakligi yuzasidan tavsiyalarini berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
