O‘zbekiston Prezidenti Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibini qabul qildi
Sentabr 07, 2026. 16:20 • 2 daq
• 233
TOSHKENT, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkentda yettinchi Global kinologiya forumida ishtirok etish doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Yan Sondersni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, bojxona organlarining salohiyatini mustahkamlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashkilot ko‘magida O‘zbekiston savdoni yengillashtirish sohasidagi qator xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgani, zamonaviy bojxona nazorati mexanizmlari joriy etilib, Bojxona xizmati faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgani va qabul qilingani qayd etildi.
O‘zbekistonda bojxona sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida bugungi kunda eksport yuklarining 94 foizi va import yuklarining 87 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Deklaratsiyalarni rasmiylashtirish vaqti 20 daqiqagacha qisqartirildi.
Bojxona organlarining tadbirkorlik subyektlari bilan samarali hamkorligini taʼminlaydigan raqamli yechimlar faol joriy etilmoqda, maʼmuriy to‘siqlar qisqartirilib, korrupsiyaviy xavflar kamaytirilmoqda.
Uchrashuvda bojxona tartib-taomillarini yana-da raqamlashtirish va uyg‘unlashtirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda kadrlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizni Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishga tayyorlash doirasida ushbu masalalarning dolzarbligi taʼkidlandi.
Yakunda hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi