O‘zbekiston Prezidenti suyultirilgan gaz taʼminoti tizimini isloh qilish takliflarini ko‘rib chiqdi

Sentabr 07, 2026. 16:25 • 4 daq

289
O‘zbekiston Prezidenti suyultirilgan gaz taʼminoti tizimini isloh qilish takliflarini ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 7-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini isloh qilish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suyultirilgan gaz tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlarda yashovchi aholini energiya manbai bilan taʼminlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, uni o‘z vaqtida, xavfsiz va barqaror yetkazib berish odamlarning kundalik hayoti, ijtimoiy soha obyektlari faoliyati hamda hududlardagi maishiy sharoitlar bilan bevosita bog‘liq.

Taqdimotda suyultirilgan gaz resurslari va taqsimoti balansi, amaldagi yetkazib berish tizimi, narx shakllanishi, subsidiyalar va aholiga taʼsiri tahlil qilindi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, respublikada 3,8 millionga yaqin aholi hamda qariyb 2 mingta ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gaz bilan taʼminlanadi. Joriy yilda aholi va ijtimoiy soha obyektlari ehtiyoji uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Amaldagi tizimda qator muammolar saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim hududlarda suyultirilgan gaz isteʼmolchilarga belgilangan muddatda yetib bormayapti. Natijada aholi qo‘shimcha ehtiyojini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan bozor narxlarida xarid qilishga majbur bo‘lmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, suyultirilgan gazni 46 kundan ortiq muddatda olayotgan isteʼmolchilarning ulushi 22 foizni tashkil etadi. Bunday holatda ayrim oilalarning bir oylik xarajati amaldagi belgilangan narxdan bir necha barobar yuqori bo‘lmoqda.

Mavjud tartibda suyultirilgan gaz aholi va ijtimoiy soha obyektlariga imtiyozli narxlarda yetkazib berilmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish, import, xarid va yetkazib berish xarajatlari o‘rtasidagi tafovut yildan yilga ortib, byudjetdan ajratiladigan subsidiyalarga talab ko‘paymoqda.

Davlatimiz rahbari ayni masalada eng avvalo aholi manfaati ustuvor bo‘lishi zarurligini taʼkidladi. Suyultirilgan gaz odamlarga o‘z vaqtida yetib borishi, taʼminotda uzilishlarga yo‘l qo‘yilmasligi va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qo‘llab-quvvatlanishi lozimligi qayd etildi.

Shu maqsadda suyultirilgan gaz taʼminoti tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimini qayta tashkil etish maqsadida “Hududgaztaʼminot” taʼsischiligida “LPG-Trade” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish taklif qilinmoqda. Ushbu tuzilma suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda odamlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Shu bois, suyultirilgan gazning chakana narxini belgilashda iqtisodiy asoslangan mexanizmlarning samarali ishlashi taʼminlanadi. Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun kompensatsiya to‘lanishi belgilanadi.

Bu orqali narx siyosati bosqichma-bosqich tartibga solinib, ehtiyojmand oilalar uchun manzilli qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etiladi. Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar umumiy subsidiya o‘rniga aniq isteʼmolchiga yo‘naltirilishi tizimning adolatliligi va samaradorligini oshiradi.

Ijtimoiy soha obyektlarining ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazni birja narxlarida yetkazib berish, aholiga belgilangan narxda sotish natijasida yuzaga keladigan salbiy tafovutni respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplash tartibi ham ko‘zda tutilmoqda.

Xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Andijon viloyatida suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoniga xususiy operatorlarni jalb etish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur jarayonda operatorlarda zarur litsenziya va ruxsatnomalar, malakali muhandis-texnik xodimlar bo‘lishi, xizmatlar kamida ikki operator tomonidan amalga oshirilishi, isteʼmolchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Isteʼmolchilar soni va hududiy masofalardan kelib chiqib, shaharsozlik normalari hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan shoxobchalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu tajribani keyinchalik boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Prezidentimiz islohotlarni puxta hisob-kitob asosida, aholi uchun qulaylik va ijtimoiy adolat tamoyillarini taʼminlagan holda amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qatʼiy yo‘lga qo‘yish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish, taqsimotda shaffoflikni taʼminlash, sunʼiy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun kompensatsiyalarni o‘z vaqtida to‘lash, gaz to‘ldirish inshootlari va tashish jarayonida xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya etish, xususiy operatorlar faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish vazifalari belgilandi.

Islohotlar natijasida suyultirilgan gaz taʼminotida shaffof va barqaror tizim shakllanishi, yetkazib berish muddatlari qisqarishi, aholi uchun xizmat sifati oshishi hamda byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish taʼminlanishi taʼkidlandi.

Shuningdek, taqdimotda Jizzax viloyatida barpo etilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining tashqi infratuzilmasi va unga yondosh shaharcha qurish yuzasidan 2-sentabr kuni berilgan qo‘shimcha topshiriqlar ijrosining borishi to‘g‘risida axborot berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish