Leningrad viloyatida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar uchun iftorlik o‘tkazildi
Mart 17, 2026. 09:48 • 2 daq
• 171
SANKT-PETERBURG, 17-mart. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning Leningrad viloyati Gatchina munitsipal okrugidagi “LenOblKarton” korxonasida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarimiz uchun iftorlik tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu xayrli tadbirga Namangan viloyati “Obid qori hoji” jome masjidi imom-xatibi Ilyosxon Sobitov faxriy mehmon sifatida taklif etildi.
Imom-xatib mamlakat rahbariyatining topshirig‘iga binoan muborak Ramazon oyida xorijda bo‘lib turgan yurtdoshlarimizning yashash va mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishish maqsadida ularning holidan xabar olayotganini ta’kidlab, hamyurtlarni O‘zbekiston rahbariyati nomidan muborak oy bilan qutladi.
Ilyosxon Sobitov ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash muhimligi haqida so‘z yuritib, vatandoshlarni turli radikal diniy oqimlarga jalb qilish, taqiqlangan axborot resurslaridan foydalanishdan ogohlantirdi. U O‘zbekiston musulmonlari idorasi qoshida diniy masalalar bo‘yicha tunu kun murojaat qilish mumkin bo‘lgan koll-markaz faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.
Muborak Ramazon oyi fayzi va barakasi har bir xonadonga kirib, qalblarga mehr-oqibat, bag‘rikenglik va shukronalik tuyg‘ularini ulashayotgani qayd etildi. Bu oy – nafaqat ibodat, balki inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarga ko‘mak berish, jamiyatda ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash oyi ekani aytib o‘tildi.
Bosh konsulxona va Migratsiya agentligi vakolatxonasi xodimlari vaqtinchalik konsullik ro‘yxatida o‘tish talablari, xorijdagi mehnat muhojirlariga ko‘rsatilayotgan moddiy va huquqiy yordam yuzasidan atroflicha tushuncha berishdi.
Tadbir yakunida Qur’on tilovat qilinib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi uchun duolar qilindi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan iftorlik ishtirokchilari xorijda bo‘lishiga qaramay, o‘zlarini Vatan mehri va e’tiborida his qilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi