Vengriyaning Debretsen shahriga konsullik tashrif amalga oshirildi
Mart 03, 2026. 09:36 • 2 daq
• 203
DЕBRЕTSЕN, 3-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Vengriyaning Debretsen shahriga konsullik tashrifini amalga oshirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida ushbu hududda doimiy va vaqtincha istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga mamlakatda bo‘lish qoidalari, konsullik hisobida turish tartibi va uning ahamiyati, konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish masalalarining asosiy mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Fuqarolarning huquq va majburiyatlari, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Vakolatxona xodimlari tomonidan Vengriyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan alohida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida talabalar bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etilib, konsullik hisobida turishning ahamiyati, mamlakatdagi migratsiya tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligi yuzasidan atroflicha tushuntirish berildi.
Tadbir doirasida hamyurtlarimizni turli diniy oqimlar va radikal g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi guruhlar ta’siriga tushib qolmaslikka chaqirildi, bunday holatlarga nisbatan doimo hushyor va sergak bo‘lish lozimligi ta’kidlandi. Shubhali yoki xavotirli vaziyatlarga duch kelinganda, zudlik bilan tegishli tartibda elchixonaga murojaat qilish zarurligi alohida qayd etildi. Ushbu chora-tadbirlar fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani ta’kidlandi.
Uchrashuv savol-javob tarzida davom ettirilib, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan talabalarni qiziqtirgan barcha masalalar yuzasidan elchixona tomonidan asosli va huquqiy jihatdan atroflicha javob berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan savollarga batafsil javoblar berilib, amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish hamda mamlakatda bo‘lish tartib-qoidalariga amal qilish zarurligi yana bir bor eslatildi.
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan Debretsenda tahsil olayotgan talabalarga milliy taom – osh tarqatilib, ularga o‘qish
va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab, ezgu tilaklar bildirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
