Parijda O‘zbekiston hukumati va YUNESKO o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va “yo‘l xaritasi” imzolandi
Aprel 12, 2026. 11:52 • 2 daq
• 228
PARIJ, 12-aprel. /“Dunyo” AA/. YUNESKO bosh qarorgohida O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi hamda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova tashkilot bosh direktori Xolid Al-Ananiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston hukumati va YUNESKO o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ni imzoladilar. Hujjat O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasida taʼlim, fan, madaniyat, kommunikatsiya va axborot sohalarida tizimli hamkorlikni davom ettirish uchun huquqiy va tashkiliy asos yaratadi.
Ushbu bitim O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2025 yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan.
Suhbat davomida tomonlar kelgusida aniq natijalarga yo‘naltirilgan “yo‘l xaritasi” doirasida hamkorlikni muhokama qildilar hamda qo‘shma global tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Mazkur uchrashuv O‘zbekistonning YUNESKO bilan sheriklikni yana-da chuqurlashtirish, barqaror rivojlanish, madaniy merosni muhofaza qilish va inklyuziv taʼlim sohasidagi kun tartibini birgalikda ilgari surish borasidagi intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi