Logo

“Ariana News”: Afg‘oniston va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalarni kengaytiradi

Aprel 10, 2026. 10:27 • 2 daq

142
“Ariana News”: Afg‘oniston va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalarni kengaytiradi

MOZORI-SHARIF, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. Afg‘onistonning “Ariana News” nashrida “Afg‘oniston va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, Afg‘oniston poytaxtida mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Nur Jalol Jaloliy va O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Abdulla Azizov o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan.

Tomonlar dori vositalarining o‘zaro savdosini kengaytirish mexanizmlarini hamda Afg‘oniston hududida ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga investitsiyalarni jalb qilish yo‘llarini muhokama qilgan.

Maqolada tibbiy turizmni rivojlantirish, xususan, respublikamizning zamonaviy klinikalarida tashxis qo‘yish va davolanish istagida bo‘lgan qo‘shni davlat fuqarolari uchun tartib-taomillarni osonlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etish va texnik tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Uchrashuv davomida Nur Jalol Jaloliy aholini sifatli preparatlar bilan taʼminlash va zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish ustuvor vazifa ekanini taʼkidladi. Uning fikricha, ikki davlatning yaqin muvofiqlashuvi ijtimoiy ehtiyojlarga samarali javob bera oladigan barqaror tizimni shakllantirish imkonini beradi.

O‘z navbatida, Abdulla Azizov O‘zbekiston tomoni muloqotni chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirgan. Toshkent nafaqat tayyor mahsulotlar eksportini amalga oshirish, balki texnologiyalar transferini taʼminlash hamda sheriklarga har tomonlama texnik yordam ko‘rsatish niyatida ekani qayd etilgan.

Maqola yakunida tibbiyot va farmatsiya sohasidagi uzoq muddatli sheriklik uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladigan, avval imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumi qoidalarini amaliy ijro etish muhimligi taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish