Logo

Samarqandda O‘zbekiston–Polsha taʼlim hamkorligi bo‘yicha muhim hujjatlar imzolandi

Aprel 15, 2026. 17:40 • 2 daq

140
Samarqandda O‘zbekiston–Polsha taʼlim hamkorligi bo‘yicha muhim hujjatlar imzolandi
Samarqandda O‘zbekiston–Polsha taʼlim hamkorligi bo‘yicha muhim hujjatlar imzolandi
Samarqandda O‘zbekiston–Polsha taʼlim hamkorligi bo‘yicha muhim hujjatlar imzolandi
Samarqandda O‘zbekiston–Polsha taʼlim hamkorligi bo‘yicha muhim hujjatlar imzolandi

VARSHAVA, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Polsha Oliy taʼlim va fan vaziri Marchin Kulasek xalqaro ahamiyatga ega tadbirlarda ishtirok etish maqsadida Samarqand shahriga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida vazir Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi universitetlari ishtirokida o‘tkazilayotgan “Texnologiyalar va tibbiyot” mavzusidagi xalqaro kongressda maʼruza qildi.

Marchin Kulasek Samarqandda tashkil etilgan tadbirlar uchun minnatdorlik bildirib, samimiy qabul, yuksak mehmondo‘stlik hamda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi unda katta taassurot qoldirganini taʼkidladi.

U Samarqandda O‘zbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Sirayev bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Suhbat davomida oliy taʼlim va ilm-fan sohasida O‘zbekiston–Polsha hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Polsha tomoni O‘zbekistonda taʼlim tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlarni yuqori baholab, mamlakatning mintaqadagi salohiyati va strategik yondashuvi to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini alohida taʼkidladi.

Polsha vakillari yoshlar taʼlimiga investitsiya kiritish ustuvor ahamiyatga ega ekanini qayd etib, hozirgi kunda 1700 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talabalar Polshada tahsil olayotganini maʼlum qildi. Taʼkidlanganidek, Polsha oliy taʼlim tizimi xorijiy talabalar uchun jozibador yo‘nalishlardan biri bo‘lib, o‘zbekistonlik yoshlarning bu mamlakatda tahsil olishga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda.

Tomonlar oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma taʼlim dasturlarini joriy etish, ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish hamda akademik almashinuvni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi.

Polsha tomoni o‘zbekistonlik talabalar va tadqiqotchilar uchun mamlakat oliy taʼlim muassasalari ochiq ekanini bildirib, NAWA agentligi orqali keng ko‘lamli grant dasturlari, jumladan doktorantura bosqichi uchun qo‘shimcha grantlar ajratish imkoniyatlari mavjudligini maʼlum qildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning uzoq muddatli istiqbollari, jumladan kadrlar tayyorlash, ilmiy salohiyatni oshirish hamda kelgusida iqtisodiy, diplomatik va institutsional aloqalarni mustahkamlashda taʼlim sohasining o‘rni muhokama qilindi.

Tadbir yakunida oliy taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan Maqsadlar to‘g‘risida bayonot (Letter of Intent) imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish