O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida onkologiya sohasida muhim kelishuv imzolandi
Aprel 15, 2026. 19:40 • 2 daq
• 128
ANQARA, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Erzinjan shahridagi Binali Yildirim universiteti hamda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida hamkorlik protokoli imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur hujjat onkologik xizmatlarni rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash va o‘zaro tajriba almashish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Protokolni universitet rektori professor Akin Levent va Markaz direktori Sedat Kaya imzoladi. Unga muvofiq, Turkiyaning ilg‘or tajribalarini joriy etish orqali onkologiya va radiologiya sohalarida xizmat sifatini oshirish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida sohadagi so‘nggi yangiliklar va maʼlumotlarni muntazam almashish, shifokorlar va mutaxassislar uchun amaliyot va o‘quv dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Qo‘shma seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish, murakkab klinik holatlar bo‘yicha maslahatlashuvlar tashkil qilish, ilmiy tadqiqotlar va nashrlar yuzasidan hamkorlik qilish ham kelishuvdan o‘rin olgan.
Klinik hamkorlik doirasida Markaz mutaxassislarining universitet klinikasidagi murakkab jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etishi, klinik kengashlar o‘tkazish va zamonaviy davolash usullarini joriy etish nazarda tutilgan.
Sog‘liqni saqlashni boshqarish, sifat nazorati va bemorlar xavfsizligi tizimlarini takomillashtirish, xalqaro akkreditatsiya standartlariga muvofiq ishlash bo‘yicha ham hamkorlik amalga oshiriladi.
Protokolga muvofiq, har ikki tomon vakillaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzilib, aniq loyiha va tashabbuslar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi