Chexiyadagi vatandoshlarimiz huquqlarini himoya qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Fevral 20, 2026. 12:18 • 2 daq
• 133
PRAGA, 21-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Praga shahrida Xalqaro migratsiya tashkilotining Chexiyadagi vakolatxonasi rahbari Petr Chap bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot konstruktiv va amaliy ruhda o‘tdi. Tomonlar mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish, qonuniy va xavfsiz bandlik kanallarini rivojlantirish, vatandoshlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlash masalalarini muhokama qildi.
Suhbat davomida Chexiya iqtisodiyotining mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyoji saqlanib qolayotgani, ayrim ustuvor tarmoqlarda xorijiy ishchi kuchini jalb qilish imkoniyatlari mavjudligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, migratsiya jarayonlarini tartibga solish va nazorat qilish, migrantlarni integratsiya qilish va qonunbuzarliklarning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Petr Chapning taʼkidlashicha, bugungi kunda Chexiya boshqa davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida to‘liq formatli hukumatlararo kelishuvlarga ega emas. O‘zaro aloqalar asosan qo‘shma bayonotlar va o‘zaro anglashuv memorandumlari doirasida amalga oshirilmoqda. Bu hamkorlikning institutsionallashuvini maʼlum darajada cheklaydi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni mamlakatimizning demografik salohiyati va yoshlar ulushi yuqoriligi, mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish uchun yaratilgan institutsional mexanizmlar haqida maʼlumot berdi.
Uchrashuv yakunida Chexiyadagi fuqarolarimiz huquqlarini himoya qilish, Xalqaro migratsiya tashkiloti hisobidan axborot qo‘llanmalarini chop etish, vatandoshlarga yordam ko‘rsatish va ularni repatriatsiya qilish masalalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi