Logo

Bosh konsul Buryatiyadagi maxsus markazda saqlanayotgan vatandoshlar bilan ko‘rishdi

126
Bosh konsul Buryatiyadagi maxsus markazda saqlanayotgan vatandoshlar bilan ko‘rishdi

ULAN-UDE, 22-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Ulan-Ude shahrida Ichki ishlar vazirligining Buryatiya Respublikasi bo‘yicha Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida bo‘lib turgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ayni paytda ushbu markazda 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Mazkur muassasa rahbariyati bilan o‘tkazilgan muloqotda yurtdoshlarimizning yashash sharoiti, taʼminoti, ovqatlanishi, ularni Vatanga tezroq qaytarish imkoniyatlari muhokama qilinib, fuqarolarimiz joylashgan binolar ko‘zdan kechirildi.

Har bir O‘zbekiston fuqarosi bilan alohida suhbatlar davomida ularning iltimos va istaklari tinglandi, Buryatiya Respublikasi hududidagi huquqbuzarliklarning xususiyatlariga oid barcha maʼlumotlar batafsil yozib olindi.

Maʼlum bo‘lishicha, fuqarolarimizning aksariyati mehnat shartnomalari va patentlarini rasmiylashtirish, Buryatiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish muddatlarini buzgani, Rossiya hududida qonuniy bo‘lish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish tartibiga rioya qilmagani sababli maxsus markazda qolmoqda.

Vatandoshlarimiz Bosh konsulxona tomonidan ko‘rsatilayotgan eʼtibor uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Ushbu muassasa xodimlarining ularga bo‘lgan hurmat-ehtiromi, yaratilgan yaxshi shart-sharoitlar, ayniqsa, muqaddas Ramazon oyida kuzatilayotganini taʼkidladi.

Ayni paytda Bosh konsulxona tomonidan mazkur muassasada bo‘lib turgan ikki nafar o‘zbekistonlik ayolni imkon qadar tezroq vatanga qaytarish masalasi hal etilmoqda. Mamlakatimizning qolgan olti nafar fuqarosi ham bir necha kun ichida ortga qaytariladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish