Seulda o‘tkazilgan iftorlik vatandoshlarni birlashtirdi
Mart 19, 2026. 17:31 • 2 daq
• 36
SEUL, 19-mart. /“Dunyo” AA/. Muborak Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Janubiy Koreya poytaxtida istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Opa-singillar” jamoatchilik uyushmasi hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreyadagi vakolatxonasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Seul shahri va unga yaqin hududlarda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan yuz nafardan ortiq hamyurtlar ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan O‘zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov mamlakatimizda Prezident rahnamoligida inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va xorijdagi vatandoshlarning huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zladi.
Kechada O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili, Toshkent shahridagi “Salom” masjidi muazzini Asilbek Tursunov ishtirok etib, Ramazon oyining maʼnaviy fazilatlari, islom dinining insonparvarlik va mehr-muruvvat kabi ezgu g‘oyalari haqida maʼruza qildi.
Tadbir davomida vatandoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va milliy o‘zlikni asrash masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
Oyshaxon Rasulova, EHWA ayollar universiteti talabasi:
— Fikrimcha, bugungi uchrashuvlar xorijda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizni yanada yaqinlashtiradi, o‘zaro do‘stlik va Vatan bilan maʼnaviy bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda xotin-qizlar hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng eʼtirof etilmoqda. Bu kabi islohotlar biz kabi xorijda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun katta ruhiy kuch va ilhom bag‘ishlaydi.
Men ham Janubiy Koreyada tahsil olayotgan davrim davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va ayollarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida chet ellik do‘stlarimga so‘zlab beraman.
Jaloliddin Mahmudov, Hongik universiteti doktoranti:
— Bugungi iftorlikda o‘zimni xuddi o‘z uyimdagidek his qildim. Milliy taomlarimiz va samimiy muhit bizni Vatan bilan maʼnaviy bog‘liqligimizni yanada mustahkamladi.
Iftorlik tadbiri ko‘tarinki kayfiyat va do‘stona muhitda o‘tdi. Bu kabi uchrashuvlar xorijdagi o‘zbekistonliklarning birdamligini taʼminlash va Vatan bilan aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi