Logo

“Emergingtravel.news”: Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston turizmi rivojida muhim ahamiyatga ega

Aprel 08, 2026. 12:51 • 2 daq

71
“Emergingtravel.news”: Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston turizmi rivojida muhim ahamiyatga ega

LONDON, 8-aprel. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyadagi xalqaro turizm yangiliklarini chop etishga ixtisoslashgan elektron nashr ­– “Emergingtravel.news” saytida Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, uch qavatli majmuada muzey, 200 ming kitob fondiga ega ilmiy-tadqiqot kutubxonasi, restavratsiya laboratoriyalari va 460 o‘rinli konferensiya zali mavjud.

Ushbu inshootdagi 65 metr balandlikdagi moviy gumbaz ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi. Bu meʼmoriy uslub Temuriylar davridan olingan bo‘lib, mozaik ravoqlar, moviy koshinlar bilan qoplangan gumbazlar va murakkab naqshlar bilan bezatilgan.

Asosiy maydon taxminan 15 ming kvadrat metrni egallaydi, alohida qanotlar tadqiqot markazi, raqamlashtirish va restavratsiya laboratoriyalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar ofislari uchun ajratilgan. 2 mingga yaqin nodir qo‘lyozma va osori-atiqalar xalqaro auksionlar va xususiy kolleksiyalardan qaytarilgan.

Nashrda qayd etilishicha, markazdagi ko‘rgazma dasturi islomgacha bo‘lgan merosdan Birinchi va Ikkinchi Renessansgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi va zamonaviy O‘zbekistonga bag‘ishlangan bo‘limni o‘z ichiga oladi. Unda nodir buyumlar replikalar, uch o‘lchovli texnologiyalar va audiovizual formatlar bilan uyg‘unlashtirilgan.

Shon-sharaf zalida Markaziy Osiyo tarixidagi asosiy voqealarni aks ettiruvchi 14 ta arka, 100 dan ortiq tarixiy mutafakkir va olimlarning elektron profillarini o‘z ichiga olgan raqamli platformaga bog‘langan interaktiv panellar mavjud.

Maqolada mazkur ulkan markazning ochilishi O‘zbekistonda turizmining barqaror o‘sishida muhim ahamiyatga ega ekani alohida eʼtirof etilgan. Islom sivilizatsiyasi markazi Toshkentning muhim madaniy markaz sifatidagi o‘rnini yanada oshiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish