Logo

Abdelilla Benarafa: Islom sivilizatsiyasi markazida AYSESKOning mintaqaviy ofisi ochilganidan juda mamnunmiz

Aprel 07, 2026. 17:29 • 2 daq

161
Abdelilla Benarafa: Islom sivilizatsiyasi markazida AYSESKOning mintaqaviy ofisi ochilganidan juda mamnunmiz

RABAT, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi munosabati bilan Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (AYSESKO) bosh direktori o‘rinbosari Abdelilla Benarafa o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Muborak Ramazon oyining so‘nggi kunlarida ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ish boshlagani munosabati bilan AYSESKO nomidan O‘zbekiston xalqi va Prezidentini samimiy muborakbod etaman.

Ushbu markaz Islom sivilizatsiyasidagi buyuk yodgorliklardan biri bo‘lib, dunyodagi eng yirik markazlardan hisoblanadi. Uning aynan Ramazon oyining so‘nggi kunlarida ochilishi muhim ahamiyatga ega.

Islom sivilizatsiyasi markazida AYSESKOning mintaqaviy ofisi ochilganidan juda mamnunmiz. Shu o‘rnida tashkilotimiz Samarqandni 2025 yil uchun Islom dunyosi madaniyati poytaxti deb eʼlon qilgani, bundan avval esa Toshkent va Buxoro ham ushbu maqomga ega bo‘lganini alohida eʼtirof etadi.

Tashkilotimiz Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda Imom al-Buxoriy va uning “Al-Jomeʼ as-Sahih” asariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani tashkil etishni rejalashtirmoqda. Anjuman joriy yil iyun oyining boshida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Markazda juda muhim qo‘lyozma – Usmon musʼhafi ham saqlanadi. Ushbu muqaddas kitob markazidagi ulkan gumbaz ostida namoyish etilgan. Balandligi taxminan 65–66 metr bo‘lgan bu gumbaz Ixlos surasidagi harflar sonini ifodalaydi.

O‘zbekiston va Prezident Shavkat Mirziyoyevni ushbu muhim markaz ochilishi bilan yana bir bor tabriklaymiz. Umid qilamizki, markazdagi AYSESKO ofisi doimiy faoliyat ko‘rsatib, turli konferensiyalar, seminarlar va ko‘rgazmalarga mezbonlik qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish