Malayziyada maktab o‘quvchilari uchun "O‘zbekiston kunlari" o‘tkazildi
Aprel 08, 2026. 08:15 • 2 daq
• 198
KUALA-LUMPUR, 8-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan “GAINS Education Group” tashkiloti bilan hamkorlikda ushbu kompaniyaga qarashli xalqaro maktabda “O‘zbekiston kunlari” ko‘rgazmasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga mamlakatimiz tarixi, ayniqsa uning Buyuk Ipak yo‘lida tutgan muhim o‘rni haqida batafsil maʼlumot taqdim qilindi.
Loyiha doirasida maktabda tahsil olayotgan yoshlar savdogar, tadbirkor, tarixchi va dizayner rollarini ijro etib, “Qadimgi Ipak Yo‘lidan ilhomlangan sivilizatsiya” mavzusidagi stendlarini namoyish qildi.
Bu oddiy maktab ko‘rgazmasi emas, balki amaliy tajribaga yo‘naltirilgan loyiha bo‘ldi. Har bir stend mini-biznes shaklida tashkil etildi va yoshlar o‘z bilimini real hayotga tatbiq etish imkoniga ega bo‘ldi.
Ko‘rgazma davomida mehmonlar maxsus kuponlar orqali nafaqat O‘zbekistonga oid mahsulotlarni “xarid qildi”, balki “savdogarlar” bilan muloqot qilib, ularning ilmiy va ijodiy izlanishlari bilan ham tanishdi.
Shuningdek, tadbirda o‘zbek milliy madaniyati va sanʼati keng namoyish etildi. Ayniqsa, amaliy sanʼat namunalari va qo‘l mehnati mahsulotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ushbu amaliy loyihadan ilhomlangan “GAINS Education Group” rahbariyati, tadbir mehmonlari va yoshlar kelgusida O‘zbekiston bilan mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishga kelishib oldi.
“GAINS Education Group” 2017-yilda malayziyalik taʼlim mutaxassisi Zaliza Alias va Mohd Hafiz tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida xizmat ko‘rsatib, hozirgi kunda 3 ta xalqaro maktab, 3 ta taʼlim akademiyasi va 70 ta xususiy taʼlim markazlarini birlashtirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi