Logo

TIVda Rossiyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi muhokama qilindi

Yanvar 27, 2026. 15:24 • 2 daq

187
TIVda Rossiyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi muhokama qilindi

TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiyaning mamlakatimizdagi elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv davomida tomonlar Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir dolzarb masalalarini muhokama qilgan.

Muhokamalarda O‘zbekiston tomonidan Rossiyaning hududlarida faoliyat yuritayotgan mamlakatimiz bosh konsullari ishtirok etdi. Bu esa joylardagi amaliy ish tajribasini inobatga olgan holda ko‘tarilgan masalalarni aniq va atroflicha ko‘rib chiqish imkonini berdi.

Rossiya tomonidan diplomatik vakolatxonaning konsullik bo‘limi rahbariyati, migratsiya masalalari bo‘yicha masʼul xodimlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari qatnashdi.

Vakillarimiz migratsiya tekshiruvlari va reyd tadbirlari o‘tkazilayotgan jarayonda O‘zbekiston fuqarolarining ham qonunga rioya qilayotgan, ham migratsiya qonunini buzgan fuqarolarning huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday shakliga yo‘l qo‘yilmasligi prinsipial ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.

Uchrashuv tomonlarning migratsiya jarayonlarini tartibga solish, Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy mehnat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan pragmatik va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotni rivojlantirishga intilishini tasdiqladi.

Shuningdek, tomonlar amaliy hamkorlikni doimiy ravishda takomillashtirish va hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muntazam konsullik maslahatlashuvlari hamda ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish zarurligini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo AA

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish