Logo

O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirlarining Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhining 4-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonoti

Yanvar 20, 2026. 17:22 • 3 daq

288
O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirlarining Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhining 4-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonoti
“Dunyo” olgan surat

TOSHKENT, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan raisligida bugun Anqara shahrida Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhining 4-yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv davomida vazirlar umumiy tarix, til va madaniyatni qardoshlik ruhidagi hamkorlikning asosi sifatida qayd etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi Keng qamrovli strategik sheriklik doirasida ko‘p qirrali o‘zbek-turk hamkorligini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha qatʼiyligini tasdiqladilar.

Tashqi ishlar vazirlari Baxtiyor Saidov va Hakan Fidan savdo va investitsiyalar, energetika xavfsizligi, mintaqaviy bog‘liqlik, terrorizm va boshqa transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, mudofaa sanoati, madaniyat, atrof-muhit, taʼlim va turizm kabi keng yo‘nalishlarda O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarini yana-da mustahkamlash yo‘llarini muhokama qildilar.

Vazirlar 2025-yil noyabr oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi doirasida 15-dekabr sanasini Butunjahon turkiy tillar oilasi kuni deb eʼlon qilinishi katta ramziy ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

Tashqi ishlar vazirlari “4+4” mexanizmi ikki mamlakat o‘rtasidagi xavfsizlik, harbiy hamkorlik, razvedka va tashqi siyosat sohalarida o‘ziga xos hamkorlik platformasi ekanini qayd etdilar. Anqarada O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar, ichki ishlar va mudofaa vazirlari hamda xavfsizlik xizmatlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan “4+4” mexanizmi yig‘ilishi natijalaridan mamnun ekanliklarini bildirdilar va uchrashuvda imzolangan yangilangan Harakatlar rejasini amalga oshirishga alohida eʼtibor berilishini taʼkidladilar.

Vazirlar Qo‘shma iqtisodiy komissiyaning 8-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Harakatlar rejasining ijrosida erishilgan ijobiy siljishlarni mamnuniyat bilan qayd etib, Komissiya yig‘ilishlarini ikki mamlakat o‘rtasidagi aniq savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy mexanizmi sifatida baholadilar.

Tashqi ishlar vazirlari Transkaspiy Sharq–G‘arb O‘rta yo‘lagi Markaziy Osiyoni Turkiya orqali xalqaro bozorlarga bog‘lovchi barqaror va ishonchli transport hamda energetika yo‘nalishi sifatidagi ahamiyatini taʼkidlab, O‘rta yo‘lak infratuzilmasida “Boku–Tbilisi–Kars” temiryo‘l liniyasining muhim rolini qayd etdilar. Shu bilan birga, 2025-yil 29-yanvarda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo/iqtisodiyot hamda transport/infratuzilma vazirlarining Ikkinchi uch tomonlama uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Anqara deklaratsiyasining ijrosida erishilgan yutuqlarni mamnuniyat bilan eʼtirof etdilar. Mazkur mexanizmning amaliy ahamiyatini alohida taʼkidlab, vazirlar ushbu formatdagi uch tomonlama hamkorlikni davom ettirishga qatʼiy sodiqliklarini bildirdilar.

Turk dunyosini mustahkamlash borasidagi qatʼiyatlarini uning eng muhim hamkorlik maydoni — Turkiy davlatlar tashkiloti, shuningdek boshqa turkiy hamkorlik tuzilmalari orqali davom ettirishlarini tasdiqladilar.

Turkiy davlatlar tashkiloti va turkiy hamkorlik tashkilotlari doirasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qo‘shma saʼy-harakatlarni mamnuniyat bilan qayd etib, aʼzo davlatlar va kuzatuvchilar o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, huquqiy hamda gumanitar aloqalarni yana-da rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqladilar.

Turkiy davlatlar tashkilotidan tashqari, vazirlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) kabi xalqaro va mintaqaviy platformalarda hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish istagini tasdiqladilar.

Vazirlar imkon qadar turli xalqaro lavozimlarga nomzodlar borasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Uchrashuvda Afg‘oniston, G‘azo, Ukraina va Suriya kabi mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Vazirlar yuqori darajadagi tashriflar muntazamligidan mamnun ekanliklarini bildirib, bunday tashriflar hamkorlikni turli sohalarda chuqurlashtirishini taʼkidladilar va ushbu ijobiy dinamikani saqlab qolishga sodiqliklarini bildirdilar.

Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhi yig‘ilishi O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida Anqarada o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining 4-yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish