Pokistondan munosabat: O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslari Markaziy Osiyo–Yaponiya munosabatlarini yanada rivojlantiradi
Dekabr 22, 2025. 11:44 • 3 daq
• 168
ISLOMOBOD, 22-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pokistondagi Bahriya universiteti fakultet dekani, professor Adam Saud “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston Prezidenti yetakchisining Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitidagi ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiya poytaxtida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitidagi nutqi bilan batafsil tanishib chiqdim.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqi avvalida bundan 20 yil muqaddam aynan kunchiqar yurt ilk bor “Markaziy Osiyo plyus” muloqotining tashabbuskori bo‘lganini qayd etdi. Buyuk ipak yo‘li davridan rivojlana boshlagan yaqin savdo va madaniy aloqalar, o‘xshash anʼana va urf-odatlar, maʼnaviy, madaniy va oilaviy qadriyatlar Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos hisoblanishini taʼkidladi.
O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiyaning mintaqa hayotida yana-da keng va faol ishtirok etishidan manfaatdorligini alohida urg‘uladi. Yaponiya jahonda katta mavqega ega davlat sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan bildirilgan taklif va tashabbuslar o‘z vaqtida aytildi, deb o‘ylayman.
Xususan, O‘zbekiston yetakchisi “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitini davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta o‘tkazishni taklif qildi va navbatdagi shunday uchrashuvlardan birini O‘zbekistonda qabul qilishga tayyorlik bildirildi.
Ayniqsa, davlatingiz rahbarining O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish taklifi ham juda muhim. Bu hujjat mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish va ularni global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiya qilish bo‘yicha aniq dastur va loyihalarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Ekspert sifatida meni, yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiqish, hamkorlikning keng ko‘lamli kun tartibini shakllantirish uchun mamlakatlarning yetakchi tahlil tuzilmalari ishtirokida Ekspertlar forumini taʼsis etish va uning ilk majlisini 2026-yilda Toshkentda o‘tkazish tashabbusi ko‘proq quvontirdi.
Shuningdek, maʼruzada Markaziy Osiyoning infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamg‘armasini taʼsis etish, uning negizida “Sifatli infratuzilma” bo‘yicha dastur hamda Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyo tarmog‘i – sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi mintaqaviy platformasini ishga tushirishning muhimligi qayd etildi.
Bugun raqamli transformatsiya iqtisodiy o‘sish va barqarorlikning hal qiluvchi omiliga aylanib borayotganidan kelib chiqib, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” raqamli xabi – raqamli yechimlar, sunʼiy intellekt, “buyumlar interneti”, kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik platformasini yaratish kabi takliflarni ham asosiy yo‘nalishlar sifatida eʼtirof etish kerak.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Prezidentining “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitidagi ishtiroki va unda ilgari surgan takliflari xalqaro maydonda muhim voqea sifatida baholanmoqda. Ushbu tashabbuslarning ijrosi esa Markaziy Osiyo mamlakatlari va kunchiqar yurt o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirishga zamin yaratadi. Eng muhimi, O‘zbekiston va Yaponiyaning mintaqadagi strategik sheriklar mavqeini mustahkamlashga yordam beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi