Logo

Xitoydan munosabat: Toshkent chuqurlashgan mintaqaviy integratsiya va ochiq konstruktiv xalqaro muloqot yo‘lini davom ettirmoqda

Dekabr 22, 2025. 08:15 • 2 daq

183
Xitoydan munosabat: Toshkent chuqurlashgan mintaqaviy integratsiya va ochiq konstruktiv xalqaro muloqot yo‘lini davom ettirmoqda

SHANXAY, 22-dekabr. / “Dunyo” AA/. Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti professori Yan Chen “Dunyo” AA uchun bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammitidagi ishtiroki yakunlari haqidagi fikrlarini bayon qildi:

— “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti mintaqaviy rivojlanish, iqtisodiy barqarorlik, ekologiya, energetika va xavfsizlik masalalarida muvofiqlashuv hamda hamkorlikning muhim vositasi hisoblanadi. Oliy darajadagi birinchi sammit Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy jipslashuvi ortib borayotganini va ularning Yaponiya bilan sheriklikni chuqurlashtirishga bo‘lgan intilishini tasdiqladi.

Ushbu sammit mintaqaning barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qilish uchun yangi va samarali platformaga aylandi.

Tokio anʼanaviy ravishda JICA va JBIC tashkilotlari orqali mintaqadagi infratuzilma tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, transport koridorlari, logistika markazlari va energetika obyektlarini modernizatsiya qilishda ishtirok etib kelmoqda. Bunday loyihalar mintaqaviy bog‘liqlikni oshiradi va Markaziy Osiyoning Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi logistika ko‘prigi sifatidagi rolini mustahkamlaydi.

Yaponiya O‘zbekistonda tashkil etilayotgan ishlab chiqarish quvvatlariga yuqori ekologik va texnologik standartlarni joriy etishga ko‘maklashishi mumkin. Bu mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshiradi va nafaqat Yaponiya, balki boshqa jahon bozorlariga ham yo‘l ochadi.

O‘zbekiston muloqot doirasida faol va konstruktiv pozitsiyani egallab, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, chegaralar xavfsizligini mustahkamlash, iqlim va ekologik muammolarga qarshi kurashni faollashtirish, savdo, investitsiya, transport va energetika sohalaridagi loyihalarni davom ettirish tarafdori bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi salmoqli islohotlar nafaqat mamlakatning o‘z taraqqiyoti, barqarorligi va aholi turmush darajasini yaxshilash bilan bog‘liq, balki butun mintaqaviy hamkorlik arxitekturasi va rivojlanish yo‘nalishlariga tobora chuqur taʼsir ko‘rsatmoqda. Kuchayib borayotgan geosiyosiy turbulentlik va xalqaro tartibning transformatsiyasi sharoitida O‘zbekistonning strategik tanlovi va tashqi siyosiy yo‘nalishlari nafaqat milliy, balki mintaqaviy ahamiyatga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi va “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti sammitidagi ishtiroki ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Muzokaralar iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, taʼlim va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalarga bo‘lgan yondashuvlarni muvofiqlashtirish imkonini berdi. O‘zbekiston rahbarining o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga qaratilgan faol pozitsiyasi Toshkentning chuqurlashgan mintaqaviy integratsiya va ochiq konstruktiv xalqaro muloqot yo‘liga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish