Logo

Rossiyadan munosabat: Yapon investorlari O‘zbekiston taklif etayotgan loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda

Dekabr 21, 2025. 12:50 • 2 daq

114
Rossiyadan munosabat: Yapon investorlari O‘zbekiston taklif etayotgan loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda

MOSKVA, 22-dekabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya davlat gumanitar universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Yuriy Sigov “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashrifi va Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitidagi ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

– O‘zbekiston yetakchisining Yaponiyaga tashrifini diqqat bilan kuzatib bordim. Uchrashuvlar davomida ikki tomonlama strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yana-da kengaytirish va mustahkamlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shavkat Mirziyoyev avvalgi xorijiy tashriflari anʼanasiga muvofiq, O‘zbekiston hududida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va Yaponiya kapitali ishtirokidagi investitsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida yirik kompaniya va moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi davlat rahbarlarining birinchi sammitida ishtirok etdi. Unda “yashil” iqtisodiyot, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash va inson kapitalini rivojlantirish kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ushbu g‘oyat muhim sammit yakunida butun Markaziy Osiyo mintaqasi va Yaponiyaning kelgusi taraqqiyot vektorini belgilab beradigan Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.

O‘ylaymanki, O‘zbekiston uchun Yaponiya bilan munosabatlarni rivojlantirish juda muhim va amaliy jihatdan Toshkentning boshqa qator yo‘nalishlardagi (Yevropa, Rossiya, Turkiya, AQSH) ko‘p vektorli siyosatini to‘ldiradi. Yaponiya juda katta moliyaviy resurslarga ega davlat. Yapon biznesi Markaziy Osiyodagi eng faol va samarali bizneslardan biri.

Yapon investorlari O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xorijiy hamkorlarga taklif etilayotgan qator loyihalarga juda qiziqish bildirmoqda. Ulardan biri – Toshkent aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilishga sarmoya kiritish. Shu munosabat bilan, Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashrifdan so‘ng Yaponiya biznesi O‘zbekiston yo‘nalishida yana-da faolroq ish olib borishi, davlatlararo sheriklik aloqalarini kengaytirishi shubhasiz.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish