Logo

O‘zbekistonda taʼlim olish Misr yoshlarida qiziqish uyg‘otmoqda

Yanvar 21, 2026. 09:17 • 2 daq

197
O‘zbekistonda taʼlim olish Misr yoshlarida qiziqish uyg‘otmoqda

QOHIRA, 21-yanvar. /“Dunyo” AA/. Misrning taʼlim sohasidagi xususiy “Raya Study” kompaniyasi va O‘zbekistonning “Niche” kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda asosiy eʼtibor misrlik yoshlarni mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalariga yo‘naltirishning barqaror va yuqori samarali mexanizmini shakllantirish hamda ikki tomonlama strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga qaratildi.

Muloqot chog‘ida “Raya Study” kompaniyasi rahbariyati so‘nggi paytlarda mintaqadagi voqealar munosabati bilan misrlik yoshlar taʼlim olish uchun xavfsiz va istiqbolli muqobil yo‘nalishlarni faol izlayotganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston barqaror ijtimoiy-siyosiy muhit, oliy taʼlim sifatining yuqoriligi, shuningdek, maʼnaviy-madaniy yaqinligi tufayli Misr taʼlim bozorida katta qiziqish uyg‘otayotgani qayd etildi.

Shuningdek, kompaniya vakillari 2026-yilda tibbiyot, muhandislik va gumanitar fanlar yo‘nalishlarida talabalar oqimini 500-1000 kishidan boshlash, keyinchalik esa bu ko‘rsatkichni yiliga 7000 kishiga yetkazishni rejalashtirganini maʼlum qildi.

Bundan tashqari, “Raya Study” 2026-yilning yoz va kuz fasllarida Qohira va Iskandariya shaharlarida O‘zbekistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari ishtirokida keng qamrovli taʼlim ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejasini taqdim qildi. Mazkur tashabbus xalqaro taʼlim hamkorligini mustahkamlash va misrlik yoshlar uchun xavfsiz va istiqbolli taʼlim yo‘nalishlarini kengaytirish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.

O‘z navbatida, “Niche” kompaniyasi O‘zbekistonning davlat va xususiy oliy taʼlim muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishda hamda butun qabul jarayonini professional konsalting darajasida qo‘llab-quvvatlashda tayyorligini tasdiqladi.

Muzokaralar natijasida tomonlar hamkorlik bo‘yicha memorandum imzoladi. Hujjat misrlik talabalar oqimini O‘zbekiston oliygohlariga sezilarli darajada oshirish va ikki mamlakat tegishli idoralari bilan birgalikda soddalashtirilgan va tezkor vizaviy hamrohlik mexanizmlarini joriy etishni taʼminlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish