Logo

O‘zbekiston Vengriyaga qurilish mahsulotlari eksportini kengaytirishga tayyor

Fevral 18, 2026. 19:19 • 43 soniya

163
O‘zbekiston Vengriyaga qurilish mahsulotlari eksportini kengaytirishga tayyor

BUDAPESHT, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. Yurtimiz diplomatlari tomonidan Vengriyaning “Praktiker” kompaniyasi rahbariyati – Andrea Kormosh va Tamara Vash bilan muzokara o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

1978-yilda tashkil etilgan “Praktiker” tarmog‘ida bugungi kunda ko‘plab do‘kon va onlayn-platformalar faoliyat yuritmoqda. Ushbu nufuzli kompaniyaning Yevropadagi do‘konlar tarmog‘ida qurilish materiallari, taʼmirlash, bog‘ va uy-ro‘zg‘or buyumlari ancha mashhur.

Diplomatlar muzokaralar davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qurilish mahsulotlarini “Praktiker” savdo tarmog‘iga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Shu bilan birga, tarmoq assortimentini kengaytirish doirasida sanitar-keramika mahsulotlari, keramik plitka, pol qoplamalari (laminat), bog‘ uchun mahsulotlar, eshik va eshik furniturasi, qo‘l asboblari, devor qog‘ozlari, yoritish uskunalari hamda kabel-o‘tkazgich mahsulotlarini import qilish yuzasidan muzokara o‘tkazildi.

Uchrashuv so‘nggida tomonlar mazkur kompaniya rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va O‘zbekistonda “Praktiker” brendi ostida “DIY” formatidagi chakana savdo tarmog‘ini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish