Logo

O‘zbek qizi malay tili bo‘yicha Malayziya Bosh vaziri turniri g‘olibi bo‘ldi

May 10, 2026. 09:10 • 2 daq

215
O‘zbek qizi malay tili bo‘yicha Malayziya Bosh vaziri turniri g‘olibi bo‘ldi

KUALA-LUMPUR, 10-may. /“Dunyo” AA/. 20 yoshli Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi Madinabonu Abdullayeva Xalqaro malay tili bo‘yicha Malayziya Bosh vaziri musobaqasi g‘olibi bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Joriy yilgi nufuzli xalqaro musobaqada 21 ta davlatdan 174 nafar ishtirokchi qatnashdi. Tanlov bir necha bosqichda o‘tkazilib, birinchi va ikkinchi saralash bosqichlaridan so‘ng 50 nafar eng kuchli ishtirokchi final bosqichiga yo‘l oldi. Ular orasida hamyurtimiz Madinabonu Abdullayeva ham bor edi.

Hal qiluvchi bellashuv natijalariga ko‘ra, Madinabonu barcha raqiblarini ortda qoldirib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar esa Rossiya va Xitoy vakillariga nasib etdi.

Kuala-Lumpur shahridagi Malayziya turizm markazida o‘tkazilgan tantanali taqdirlash marosimida g‘olibga turnir kubogi, 10 ming malayziya ringgiti (25–30 million so‘m atrofida) miqdorida pul mukofoti hamda xalqaro sertifikat topshirildi.

Madinabonu Abdullayevaning ushbu yutug‘i O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakat vakillarining mazkur xalqaro tanlovda to‘rtinchi marta g‘olib chiqishi sifatida tarixda qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari madaniyati va tillarini, xususan malay va indonez tillarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Hozirda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Janubiy Osiyo tillari va adabiyoti oliy maktabi faoliyat yuritib, malay va indonez tillari muntazam ravishda o‘qitilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Buxoro davlat universiteti va Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida ham ushbu tillar bo‘yicha ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Turizm sohasidagi aloqalarning kengayishi, ayniqsa Malayziya va Indoneziyadan kelayotgan ziyorat turizmi oqimining ortishi ushbu yo‘nalishga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirmoqda. Shu sababli turizm, mehmondo‘stlik va tarjimonlik sohalari uchun malay va indonez tillari bo‘yicha 6 oylik intensiv kurslar tashkil etilgan.

Kelgusida ushbu tajribani mamlakatning boshqa hududlarida ham, xususan Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida keng joriy etish va doimiy amal qiladigan tizimga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish